O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida dastlab Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi keng muhokama qilindi.
Fraksiya rahbari Alisher Qodirov ushbu masalaga munosabat bildirib, partiyaning Saylovoldi dasturida mintaqamizda tinchlik va totuvlikni mustahkamlash bo‘yicha bir qator vazifalar belgilanganini ta’kidladi.
[gallery-26288]
Qayd etilganidek, aynan O‘zbekiston rahbarining siyosiy irodasi bilan bugun mintaqamizda barqaror hamkorlik muhiti qaror topdi. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo davlatlarining hamkorligi natijasida hududiy masalalar tartibga solindi, chegaralar ochildi, energetika, transport va savdo sohalarida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. O‘zaro savdo hajmi 10,7 milliard AQSH dollariga yetib, investitsiyalar hajmi 17 foizga oshdi. Bu esa mintaqa iqtisodiy barqarorligiga xizmat qilmoqda.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi mintaqaning kelgusidagi rivoji yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Unda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning bir qator tashabbuslarni ilgari surgani, qolaversa, qabul qilingan hujjatlar barqaror va xavfsiz Markaziy Osiyoni barpo etishga zamin bo‘ladi.
Muhokamalarda fraksiya a’zolari mazkur uchrashuvning mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Mintaqaning yakdil rivojida parlament va deputatlarning o‘rni hamda ishtirokiga e’tibor qaratildi.
Muhtarama Komilova, Asliddin Alijonov (surat), O‘zA