Barqaror korxona – iqtisodiyot tayanchi
Past rentabelli, iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini ko‘paytirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga tijorat banklarining jalb qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Past rentabelli, iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish, texnik va texnologik yangilash, ishlab chiqarilayotgan mahsulot turlarini ko‘paytirish va ularning raqobatbardoshligini ta’minlash, investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga tijorat banklarining jalb qilinishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2008-yil 18-noyabrdagi «Iqtisodiyot real sektori korxonalarining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bu boradagi ishlar qamrovining yanada kengayishiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan «Iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirishda va ularni kelgusida istiqbolli investorlarga sotishda banklarning o‘rni» mavzusida tashkil etilgan matbuot anjumanida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘z bordi.
Mazkur bank tomonidan iqtisodiyot real sektorini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, uzoq muddatli investitsiyaviy loyihalarni moliyalashtirish hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy nochor korxonalarni sog‘lomlashtirish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bank balansiga o‘tgan korxonalarni samarali boshqarishni tashkil etish, tashqi va ichki bozorda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalarni istiqbolli investorlarga sotishni tashkil etishda «NBU Invest Grup» hamda «NBU Investment» kompaniyalarining faoliyati salmoqli bo‘lmoqda.
Mazkur kompaniyalar tomonidan kiritilgan investitsiyalar samarasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, korxonalarni modernizatsiyalash va aylanma kapital bilan ta’minlashga erishildi. Xususan, korxonalar rivojlangan davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Korxonalarni boshqarish jarayoniga yuqori malakali boshqaruvchi, muhandis va mutaxassislar, xorijiy ishbilarmonlar va investorlar jalb qilindi.
Natijada Milliy bank balansiga qabul qilingan 68 korxona faoliyati to‘la tiklanib, o‘tgan davrda 1,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, eksport hajmi 237 million dollarni tashkil etdi. Ayni vaqtda 8 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.
– Sog‘lomlashtirish ishlari to‘liq amalga oshirilgani inobatga olinib, bank tomonidan korxonalar sotuvga qo‘yildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki departament boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Azamat Quronboyev. – Xususan, hozirga qadar 47 korxona yangi mulkdor tomonidan xususiylashtirilgan bo‘lsa, qolgan 21 korxonani istiqbolli investorlarga sotish ishlari olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.