French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barqaror energetika – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining strategik poydevori
11:05 / 2025-12-06

Munosabat

Kecha Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Barqaror energetika – Yangi O‘zbekistonning kelajak sari ishonchli qadami” mavzusidagi xalqaro tadbirdagi Prezident ma’ruzasi mamlakat energetika siyosatining yangi bosqichga qadam qo‘yganini namoyon etdi. Ushbu nutqda bildirilgan raqamlar, rejalar va xalqaro hamkorlik loyihalari bir narsani aniq ko‘rsatadi: O‘zbekiston nafaqat energiya ta’minoti barqarorligini ta’minlash, balki mintaqadagi “yashil energetika” markazlaridan biriga aylanish niyatida qat’iy.

Xususan, so‘nggi yillarda energetika sohasiga 35 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinib, 9 ming megavatt yangi quvvatlar ishga tushirilgani mamlakat tarixidagi eng yirik energetik modernizatsiya hisoblanadi. Elektr enegriyasi ishlab chiqarish hajmining 2017 yildagi 60 milliard kVt/soatdan 85 milliard kVt/soatgacha o‘sishi iqtisodiyotdagi yuqori sur’atlarning tabiiy natijasidir.

Alohida e’tiborga loyiq yana bir jihat bu – “yashil energiya” ulushining 30 foizga yetkazilayotganidir. Quyosh va shamol elektr stansiyalarining 5 ming megavattdan ortiq quvvat bilan ishlashi, 2 ming megavattli mahalliy kichik panellar o‘rnatilishi, qo‘shimcha 2 mlrd kVt/soat muqobil energiyaning ishlab chiqilishi mamlakatning ekologik yo‘naltirilgan siyosatini ham mustahkamlaydi.

Qolaversa, yaqin yillargacha elektr stansiyalariga zarur uskunalar asosan import qilingan bo‘lsa, bugunga kelib “Angren energo”, “Uzhydropower” kabi korxonalar nafaqat ichki talabni qondirmoqda, balki kelajakda eksportbop mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, mahalliy qiymat zanjirining shakllanishi, yangi ish o‘rinlari va yuqori texnologiyalar ekspansiyasi uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, Prezident nutqida BAA, Turkiya, Saudiya Arabistoni, Xitoy, Fransiya, Germaniya kabi davlatlarning yetakchi energetika kompaniyalari ishtiroki alohida tilga olindi. Bu e’tirof energetika sohasidagi islohotlar xalqaro maydonda yuqori ishonchga ega ekanini anglatadi. Qolaversa, 42 ta yangi loyihaning ishga tushirilishi va 21 ta yangi qurilishga start berilishi, jami 11 milliard dollarlik quvvatlar paketining amalga oshirilishi O‘zbekiston energetika bozorining ulkan investitsiyaviy jozibadorligini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ma’ruzada Prezident tomonidan e’lon qilingan uzoq muddatli yo‘nalishlar mamlakatning energetik mustaqillik va ekologik barqarorlikka intilishini ifodalaganligi bilan yanada ahamiyatlidir. Xususan, elektr energiyasiga oshib borayotgan ehtiyojni qoplash uchun 2030 yilgacha qo‘shimcha 17 ming megavattdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada “yashil” energiyaning jami generatsiyadagi ulushi 54 foizga yetkaziladi.

Xitoy tajribasi asosida 300 ta mahallada 107 MVtlik kooperatsion quyosh loyihasi ishga tushirilib, kelgusi ikki yilda 100 ta sanoat korxonasi “yashil sertifikat” tizimiga o‘tkaziladi. Bu rejalar nafaqat energetika sohasi, balki butun iqtisodiyotning texnologik transformatsiyasiga xizmat qiladi.

Shuningdek, Parij bitimi doirasida 2035 yilgacha zararli gazlar chiqindisini 50 foizga qisqartirish majburiyati – O‘zbekistonning global iqlim siyosatidan chetda emasligini ko‘rsatadi. Jahon banki bilan “ICRAFT” loyihasining ishga tushirilishi va 23 million tonna SO₂ kamaytirilishi yuqori xalqaro talablarga mos ekologik mexanizmlar joriy etilayotganini tasdiqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, energetika sohasida amalga oshirilayotgan ushbu o‘zgarishlar iqtisodiy o‘sishni tezlashtirib, sanoat raqobatbardoshligini oshiradi. Qolaversa, energiya mustaqilligini mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi. Eng muhimi, barcha amalga oshirilayotgan loyihalar Yangi O‘zbekistonning asosiy maqsadi bo‘lgan xalqimiz turmush sifatini yaxshilash hamda kuchli, zamonaviy iqtisodiyot qurishga qaratilgan.

Gulnoraxon ABDUVOHIDOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 

Mehnat, sog‘liqni saqlash

va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zosi.

O‘zA