Navoiy shahrida joylashgan harbiy qismda “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasining Navoiy viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy-amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish hamda jismoniy va ma’naviy barkamollikni oshirish davlat siyosatida ustuvor vazifa sanaladi. Shu maqsadda mamlakatimizda turli tanlov va musobaqalar tashkil etilib, yoshlarning faolligi va mas’uliyati oshirib borilmoqda. Ana shunday muhim tadbirlardan biri “Turon yo‘lbarslari” harbiy-sport musobaqasidir.



2025 yil 9 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Mudofaa vazirligi hamda Milliy gvardiya tomonidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod, sport, ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlari o‘quvchilari o‘rtasida “Turon yo‘lbarslari” musobaqalarini tashkil etish yuzasidan qo‘shma qaror qabul qilingan edi.


Agentlik tasarrufidagi ta’lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan “Vatan tayanchi” otryadlari a’zolaridan iborat 8 ta jamoa 9 ta shart bo‘yicha o‘zaro bellashib, jismoniy tayyorgarlik, harbiy bilim, chaqqonlik, intizom va jamoaviy hamjihatlikda o‘z mahoratlarini namoyish etdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Navoiy shahridagi 1-son ixtisoslashtirilgan maktabning “Barlos” jamoasi g‘olib deb topildi va respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasiga sazovor bo‘ldi. Ikkinchi o‘rinni Prezident maktabining “Jasorat burgutlari” jamoasi, uchinchi o‘rinni esa Xatirchi tumanidagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi jamoasi bo‘lgan “Shunqorlar” qo‘lga kiritdi.
Musobaqa so‘nggida g‘olib va sovrindor jamoalar munosib ravishda taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA