Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barkamol yoshlar – kelajak poydevori
17:58 / 2023-02-03

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash masalasi hamisha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib kelgan. Davlatimiz rahbarining "Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori dolzarbligi hamda ijtimoiy ahamiyati bilan tavsiflanadi.

Hujjatda yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, ular bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish hamda ta’lim muassasalaridagi ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlar samaradorligini yanada oshirishga ahamiyat qaratilgan. 

Ushbu maqsadga erishish uchun O‘zbekistonda yoshlar bilan ishlash tizimining eng muammoli nuqtasiga e’tibor qaratilmoqda. Mahalla yigit va qizlarini qamrab olishning o‘ziga xos mexanizmi vujudga keltirilyapti. Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimining joriy etilishini ana shunday baholash mumkin.  

Qarorda yoshlar bilan ishlashning vertikal tizimini yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish maqsadida davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan mahalladagi yoshlar yetakchisining asosiy vazifalari aniq belgilab berildi.

Yetakchilar o‘ziga biriktirilgan mahallalarda faoliyatini madaniyat va san’atni targ‘ib qilish, sog‘lom turmush tarzi va sportni ommalashtirish, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, ma’naviyat hamda kitobxonlikni targ‘ib qilish, vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va huquqiy savodxonlikni oshirish, tadbirkorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy yo‘nalishlarda amalga oshiradi.  

Bundan tashqari, yetakchilarning hokim yordamchilari, faxriylar, boshqa mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlashi ko‘zda tutilgani mamlakatimizdagi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha ijtimoiy mexanizmga yaxlitlik va tizimlilik bag‘ishlamoqda.  

Qarorning e’tiborni tortadigan yana bir jihati shundaki, uning bilan elektron reyting tizimi joriy etilmoqda. Ushbu tizim mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, madaniy-ma’rifiy va sport tadbirlarini kunlik amalga oshirish holati, tadbirlarda mahalladagi yoshlarni to‘liq qamrab olinganlik darajasi, "Yoshlar balansi"ni shakllantirish, "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalarini raqamlashtirish darajasi, xorijda yurgan mahalla yoshlari bilan yaqindan aloqaning yo‘lga qo‘yilgani asosida shakllantiriladi. Bunday yondashuv mahalla yetakchilari faoliyatini aniq mezonlar asosida baholab borish, mavjud muammolarni jadal aniqlash va bartaraf etish, yetakchilar faoliyati samaradorligini muntazam takomillashtirish imkonini yaratadi.  

Yoshlar bilan ishlashning yangicha boshqaruv mexanizmlarini joriy etish, vertikal tizimni yaratish, yoshlar muammolarini bevosita mahallalarda hal etish, ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlarning samaradorligini yanada oshirish Prezidentning tegishli qarori asosida endilikda yetakchilar «Yoshlar balansi»ni shakllantirish, ular to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlarni "Yoshlar daftari" va "Yoshlar portali" elektron platformalariga kiritib, samarali ish tashkil qilmoqda.

Huquqbuzarlik sodir etishga moyilligi bo‘lgan yoshlar bilan tizimli ishlash, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalaridan qaytib kelgan yoshlarning ijtimoiy-pedagogik reabilitatsiya qilinishi va moslashuviga ko‘maklashmoqda. Yetakchilar ish faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga erishildi hamda elektron reyting tizimi (KPI) joriy etildi. "Yoshlar daftari" axborot tizimi "Onlayn mahalla" platformasi bilan integratsiyalanadi.    

Umuman, mamlakatimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga davlat siyosati darajasida qaralayotgani, davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlar bandligini ta’minlash haqida qayta-qayta to‘xtalayotgani ham bejiz emas. Zero, yoshlar bizning asosiy tayanchimiz va suyanchimiz. Ular puxta bilim hamda daromad manbaiga ega bo‘lsa, yurt taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi, jamiyat rivoji uchun xizmat qiladi.  

Tashpo‘lat Matibayev,  

Sotsiologiya fanlari doktori, professor  

O‘zA