Mamlakatimizda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari yoshlarning iste’dodini namoyon etishda katta maktab bo‘lib kelgan. Aytish lozimki, hozirgi kunda ushbu o‘yinlar 12 ta sport turi bo‘yicha o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.
Bugun, 3 dekabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida akademik litsey va professional ta’lim muassasalari o‘quvchi-yoshlari ishtirokida o‘tadigan “Barkamol avlod-2021” sport musobaqalarining respublika final bosqichi dastlabki musobaqasi – dzyudo bahslariga start beriladi.

Joriy yil noyabr oyining oxiri, dekabrning ilk kunlarida mamlakatimizning 14 ta hududida dzyudo bo‘yicha respublika bosqichiga nomzodlarni saralash musobaqalari bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.
Bugundan musobaqalardagi ishtirokini boshlaydigan yosh dzyudochilar Nukusda 3 kun davomida turli vaznlarda g‘olib va sovrindorlik uchun bahslashadi.
“Barkamol avlod-2021” dasturidan o‘rin olgan yengil atletika bo‘yicha respublika final bosqichi 10-14 dekabr kunlari Jizzax viloyatida tashkillashtirilishi belgilangan.
T. Ro‘ziyev, O‘zA