Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barkamol avlod orzusi ushalmoqda
11:53 / 2015-08-14

Institutni bitirganimdan so‘ng o‘zim yashaydigan qishloq yaqinidagi maktablarda ish topilmagach, Urgut tumaniga yo‘llanma berishdi. Qatnab ishlashimga to‘g‘ri keldi – yigirma kilometr. Albatta, bu masofa bugun transport vositalari ko‘paygan bir paytda hech gap emas.

Institutni bitirganimdan so‘ng o‘zim yashaydigan qishloq yaqinidagi maktablarda ish topilmagach, Urgut tumaniga yo‘llanma berishdi. Qatnab ishlashimga to‘g‘ri keldi – yigirma kilometr. Albatta, bu masofa bugun transport vositalari ko‘paygan bir paytda hech gap emas.

Lekin bundan 25-30-yil oldin har kuni erta tong bekatga chiqish, Samarqanddan yo‘lovchi bilan to‘lib keladigan avtobusga bir amallab chiqib olish, ulgurmasangiz (bu uch kunning birida takrorlanadi) yana o‘ttiz-qirq daqiqa keyingi avtobusni kutishning o‘zi bo‘lmasdi. Shuning uchun ishga kechikib, hamkasblarim, o‘quvchilarim oldida xijolat bo‘lardim. Yo‘l azobidan qiynalayotganimni ko‘rgan ota-onam “Ishlamay qo‘ya qol, yaqinroq maktabdan ish topilsa, chiqarsan”, deyishardi. Uyga horib kelganimda o‘zim ham shu xayolga borardim. Qayoqda, ertasiga yana shu tashvishlarni bo‘ynimga olib, birinchi avtobusga ulgurish uchun bekatga oshiqardim…

Bu Tayloq tumani Yangi hayot qishlog‘idagi 56-umumta’lim maktabi direktori Nodira Narziqulovaning fikrlari. 2015-2016 o‘quv yilida 120 o‘rinli yangi maktab binosida faoliyatini davom ettiradigan muallima gapni shu tarzda uzoqdan boshladi.

– Keyinchalik qo‘shni qishloqdagi maktabda ishlay boshladim, – deydi Nodira opa. – Bu maktab ham uyimdan uch-to‘rt chaqirim uzoq bo‘lsa-da, har holda avvalgisidan ancha yaqin va piyoda borib-kelardim. Ammo yog‘in-sochinli yoki qishning qisqa kunlarida ikkinchi navbatda o‘qiydigan bolalarning maktabga qatnashda qiynalishini ko‘rib, ezilardim. O‘sha vaqtda qishlog‘imiz oqsoqollari, ota-onalar mahallamizda maktab qurishni so‘rab ko‘p idoralarga murojaat qilishdi, afsuski, natija bo‘lmadi. Faqat Vatanimiz mustaqillikka erishgach, bu orzularimiz ushaldi. Dastlab, kichikroq maktab binosi qurilib, Adas mahallasi bolalariga shu yerda ta’lim bera boshladik. Bu yil maktabimiz yana ham kengayib, komputer va boshqa sinfxonalar, fizika, kimyo laboratoriyalaridan iborat yangi bino qurildi. Sport maydonchalari tashkil etildi. Mahallamizda yashovchi kattayu kichik kelib, yangi maktabni tomosha qilmoqda. O‘qituvchiyu o‘quvchilarimizning quvonchi cheksiz. Ular yangi o‘quv yilini orziqib kutmoqda. Ana shunday lahzalarda mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda davlatimiz oldida ko‘plab og‘ir muammolar, muhim vazifalar turgan bir paytda Prezidentimizning ta’lim tizimini isloh qilish, maktablar moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratib, bu borada misli ko‘rilmagan ishlar amalga oshirilganidan xursand bo‘laman.

Haqiqatdan ham, Prezidentimiz tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonuni, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi va Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturining qabul qilinishi va hayotga muvaffaqiyatli tatbiq etilishi ta’lim tizimini davlatimiz tanlagan demokratik rivojlanish yo‘liga moslashtirish, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan yoshlarning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi va kasb-hunar egallashiga asos bo‘ldi. To‘qqiz yillik umumiy o‘rta hamda uch yillik o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini o‘z ichiga olgan, davlat tomonidan kafolatlangan bepul majburiy ta’lim tizimi joriy etildi. Shunga mos tarzda zamonaviy ta’lim muassasalari qurildi, mavjudlarida ta’mirlash ishlari bajarilib, o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun har tomonlama qulay sharoit yaratildi.

– Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi va investitsiya dasturlari asosida 2004-2011-yillarda tumanimizdagi 58 umumta’lim maktabining 45 tasida yangi qurilish, kapital rekonstruksiya va ta’mirlash, joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi Tayloq tumani xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi bosh mutaxassisi Abdurahmon Yo‘ldoshev. – Bu shuncha maktab zamonaviy ko‘rinishga keldi, davlat ta’lim standartlari bo‘yicha ta’lim berish imkoniyatlari yaratildi, degani. Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda. Xususan, 2014-yilda investitsiya dasturi bo‘yicha 33-, 35- va 37- umumta’lim maktablari kapital rekonstruksiya qilindi. Joriy yilda bitta – 56-maktabda 120 o‘rinli yangi bino qurilgan bo‘lsa, 2016-yilda 22- va 57-maktablar mukammal ta’mirlanadi. Qurilish-ta’mirlash ishlari faqat maktablar bilan cheklanayotgani yo‘q. O‘tgan yillarda tumandagi 29-bolalar musiqa va san’at maktabi uchun yangi bino bunyod etildi, “Barkamol avlod” bolalar markazi kapital ta’mirlandi. Mavjud ikkita bolalar va o‘smirlar sport maktabining bittasi joriy yilda 2 milliard so‘m mablag‘ evaziga rekonstruksiya qilinmoqda. Jumabozor mahallasidagi 2-maktab 2016-yilda tubdan ta’mirlanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili umumta’lim maktablarida sport zallari qurilib, zarur uskuna va jihozlar bilan ta’minlanmoqda. Ayni paytda 38- va 39-umumta’lim maktablari o‘quvchilari uchun zamonaviy sport zallari bunyod etilayotir.

Ta’lim muassasalarida yaratilayotgan bunday qulaylik va imkoniyatlar o‘quvchilarning fanlarni o‘zlashtirishi, maktablarda davlat ta’lim standartlari sifat ko‘rsatkichining oshishiga xizmat qilmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, bundan o‘n yil oldin ta’lim sifati samaradorligi 57-58 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 63 foizga yetgan. Buni yana ham soddaroq qilib talqin etadigan bo‘lsak, 2014-2015 o‘quv yilida tumandan 44 nafar o‘quvchi “Bilimlar bellashuvi”ning viloyat bosqichida qatnashib, ularning biri uchinchi, ikkitasi ikkinchi o‘rinni egalladi. 46-umumta’lim maktabi o‘quvchilari Jahongir Murodullayev va Bobur Ergashev tarix fani bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinni egallab, bellashuvning mamlakat bosqichida ishtirok etdi.

Bu bir tumandagi umumta’lim maktablarida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning samarasi haqida qisqacha ma’lumotlar, xolos. Agar Samarqand viloyati bo‘yicha Maktab ta’limini rivojlantirish davlat umummilliy dasturi va investitsiya dasturlari doirasida 2004-2014 yillarda 1 ming 200 dan ortiq ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, zamonaviy mebel, o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangani, O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari evaziga ikki yuzdan ortiq sport obyekti hamda bolalar musiqa va san’at maktabi qurilib foydalanishga topshirilgani e’tiborga olinsa, yurtimiz ertasi, farzandlarimizning yorug‘ kelajagini ko‘zlab nechog‘li ulkan ishlar amalga oshirilayotganini ko‘rish mumkin.

O‘tgan o‘quv yili yakunlariga ko‘ra, 16 fandan o‘tkazilgan “Bilimlar bellashuvi”ning mamlakat bosqichida samarqandlik o‘n nafar o‘quvchi sovrindorlar qatoridan joy oldi. Kattaqo‘rg‘on shahridagi 17-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Jahongir To‘rayev yaqinda Xitoy Xalq Respublikasining Chanchun shahrida o‘tkazilgan matematika bo‘yicha xalqaro fan olimpiadasida ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Viloyatda faoliyat yuritayotgan 17 “Barkamol avlod” bolalar markaziga qatnayotgan o‘quvchilar tizim bo‘yicha mamlakat miqyosida o‘tkazilgan 14 ko‘rik-tanlovda oliy va birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. Bolalar musiqa va san’at maktablarining 60 nafar iqtidorli o‘quvchisi mamlakat va xalqaro miqyosdagi turli tanlov va festivallar g‘olibi bo‘ldi. O‘ttizdan ortiq yosh sportchilar xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qildi. Albatta, bular o‘z-o‘zidan qo‘lga kiritiladigan yutuqlar emas. Bularning barchasi Prezidentimiz tomonidan istiqlolning dastlabki yillarida aytilgan “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”, degan ezgu va olijanob maqsadlarning amaldagi samaralaridir.