English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Barkamol avlod” imkoniyatlar maskani (+video)
12:34 / 2024-12-27

Yurtimiz kelajagi bo‘lgan yosh avlodga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik zamirida Vatan ravnaqi, uning porloq istiqbolini ta’minlashdek ulug‘ maqsad yotadi. Mamlakatimizda yosh avlodni, ayniqsa, o‘quvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, intellektual, ijodiy salohiyatini yuksaltirish, ularni har tomonlama yetuk insonlar bo‘lib kamol topishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Ana shu yo‘nalishdagi ishlar sifati va samaradorligini oshirishda, xususan, o‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlarida “Barkamol avlod” bolalar maktablarining o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Buni Andijon viloyati “Barkamol avlod” maktabi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin. 

Ayni kunda barcha tuman va shaharlarda, shuningdek, viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktablari faoliyatini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, to‘garak mashg‘ulotlarini samarali tashkil etishga qaratilgan zarur ishlar olib borilmoqda.

Ayni kunda viloyatdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablarida 7 ta yo‘nalishda 79 nomda faoliyat ko‘rsatayotgan 597 ta to‘garakka 26 ming 855 nafar o‘quvchi jalb etilgan. O‘quvchilarga bir ming nafardan ziyod pedagoglar, to‘garak rahbarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha saboq bermoqda. 

To‘garaklarning 195 tasi o‘z binosida, 332 tasi umumta’lim maktablarida, 23 tasi mahallalarda, 21 tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 26 tasi esa jismoniy  imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashtirilgan maktablarda tashkil etilgan. 

Birgina viloyat “Barkamol avlod” maktabining o‘zida to‘rtta yo‘nalishdagi 33 nomdagi  to‘garak faoliyat olib bormoqda. Ularga 1 ming 700 nafarga yaqin o‘quvchi yoshlar qamrab olingan. 

– Maktabimizda bolalarni turli to‘garaklarga jalb etish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish bo‘yicha e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda, – deydi Andijon viloyati “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori Xusanboy Xayitoxunov. – Maktabimizda tashkil etilgan to‘garaklar mashg‘ulotlarini samarali o‘tkazish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Barcha qulayliklarga ega, keng va yorug‘ xonalarda bir paytning o‘zida 300 nafar o‘quvchi mashg‘ulotlarda qatnashish imkoniga ega. 

[gallery-21056]

Maktabning to‘garak rahbarligiga bilimdon, o‘z ishini yaxshi biladigan, tashabbuskor mutaxassislar jalb etilgan. Ayniqsa, mashg‘ulotlarni qiziqarli, ilg‘or va interaktiv usullar asosida o‘tkazilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu bois ham, maktabimiz hamisha o‘quvchilar bilan gavjum. 

– Ikki yildan buyon viloyat “Barkamol avlod” maktabida tashkil etilgan ingliz tili to‘garagiga qatnashib kelaman, – deydi Andijon shahridagi 24-umumta’lim maktabining 7-sinf o‘quvchisi Behruz Muhiddinov. – Darslardan keyin to‘garakka kelib, tajribali ustozlardan ingliz tilini mukammal o‘rganishga, ingliz tili bo‘yicha fan olimpiadasi, turli tanlovlarda munosib ishtirok etishga harakat qilyapmiz.  

Men sentyabr oyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan “Dubay “Interneyshnl olimpiad INDIUS” ingliz tili bo‘yicha xalqaro olimpiadada qatnashib 1-o‘rinni qo‘lga kiritdim. Ushbu tanlovda nafaqat men, balki bir necha to‘garakdoshlarim ham g‘olib va sovrindor bo‘lganligidan faxrlanamiz.

Viloyatdagi “Barkamol avlod” bolalar maktablarida o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini boyitish, mahoratlarini yanada yuksaltirish borasida samarali ishlar olib borilayotganligi natijasida erishilayotgan yutuqlar salmog‘i  yildan-yilga ortib bormoqda. Jumladan, joriy yilning o‘zida 220 nafardan ziyod o‘quvchi respublika hamda xalqaro miqyosdagi ko‘rik-tanlovlarda g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 

Viloyat “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, tuman, shahar hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi, yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, madaniyat boshqarmasi, Ma’naviyat-ma’rifat markazi viloyat bo‘limi hamda boshqa qator tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘tkazilayotgan tadbirlar, tanlovlarda o‘quvchilar faol ishtirok etmoqda. 

Asaka, Baliqchi, Qo‘rg‘ontepa, Paxtaobod, Jalaquduq, Bo‘ston  tumanidagi “Barkamol avlod” maktablari namunali ish olib borayotgan ilg‘or maktab sanaladi. 

Joriy yilning may oyida Andijonda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” bolalar maktablari respublika festivalida viloyatda mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan samarali ishlar mutaxassislar tomonidan e’tirof etildi. Ayniqsa, ishtirokchilar “Ingliz tili”, “Robototexnika”, “Pazandalik” to‘garaklarida olib borilayotgan ilg‘or tajriba va ish uslublari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi. 

Bundan tashqari, qator yo‘nalishlarda viloyat, respublika miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovlar, festivallar o‘quvchilarning bilim va tajribasini boyitishga, iqtidor va imkoniyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishiga yordam bermoqda. 

– O‘tkazilayotgan tanlov va festivallar bizga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda, – deydi Jalaquduq tumani “Barkamol avlod” bolalar maktabi to‘garak a’zosi, Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazilgan “Ijodiy g‘oyalar va texnologiyalar karvoni” xalqaro tanlovi g‘olibi Shukrbek Mamataliyev. – Erishgan yutuqlarimiz biz yoshlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir. Qolaversa, to‘garaklarda olayotgan bilimlarimiz, kelgusida albatta, bizga asqatadi. 

Umuman, o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, tanlovlar o‘quvchilarning turli fanlar, texnik va ijodiy yo‘nalishlaridagi bilimlarini yuksaltirmoqda, ularning mehnat, ijod qilish ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda. 

Bir so‘z bilan aytganda, o‘quvchilarning har jihatdan yetuk va barkamol insonlar bo‘lib kamol topishlariga, ularning o‘zlari qiziqqan sohalar bo‘yicha bilim, mahorat va iste’dodlarini yuksaltirishga xizmat qilayotgan Andijon viloyatidagi “Barkamol avlod” bolalar maktablari imkoniyatlar maskani sifatida samarali faoliyat yuritmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/o3Q-dzaWQwo" title="“Barkamol avlod” imkoniyatlar maskani" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari