French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Barkamol avlod bolalari” respublika festivali bo‘lib o‘tdi
11:07 / 2025-09-29

Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori hamda “Kelajak markazlari” faoliyati bo‘yicha matbuot anjumani va “Barkamol avlod bolalari” nomli respublika festivali bo‘lib o‘tdi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining mas’ul rahbarlari, hududlarda joylashgan “Barkamol avlod” bolalar maktablarining direktorlari va xodimlari, iqtidorli o‘quvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining o‘rinbosari Q. Ismoilov Prezidentimizning 2025 yil 8 sentyabrdagi “Maktabdan tashqari ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va undan kelib chiqadigan vazifalar haqida keng tushuncha berdi. Shundan so‘ng, anjumanda Respublika “Barkamol avlod” bolalar maktabi direktori D. Kazakova mazkur maktablarda so‘nggi yillarda qilingan ishlar, qo‘lga kiritilgan yutuqlar haqida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qaror bilan maktabdan tashqari ta’lim tizimini rivojlantirishning asosiy maqsadlari etib, o‘quvchilarda zamonaviy va talab yuqori kasblarga qiziqish uyg‘otish, interaktiv ta’lim muhitini shakllantirish orqali bolalarning ilmiy, texnikaviy, ijodiy va sport yo‘nalishidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarish, bolalarning yetakchilik qobiliyatlari, shaxsiy rivojlanishiga qaratilgan loyihalarni yo‘lga qo‘yish, o‘quvchilarning tarixga oid bilimlarini mustahkamlash, ularda Vatanga sadoqat, madaniy meros va milliy qadriyatlarga nisbatan hurmat ruhida tarbiyalash belgilandi. Shuningdek, maktabdan tashqari ta’lim tizimini zamon talablari asosida takomillashtirish, sohaga malakali mutaxassislar va xususiy sektorni jalb etishning samarali mexanizmlarini joriy qilish, moddiy-texnika bazani xalqaro andoza va zamonaviy pedagogik texnologiyalarga mos ravishda rivojlantirish muhim yo‘nalishlardan ekanligi ta’kidlandi.

Tadbirda jurnalistlar tomonidan vazirlik rahbarlariga bugungi kunda jamoatchilikni qiziqtirib kelayotgan masalalar bo‘yicha bir qancha savollar berilib, ularga tegishli javob olindi.

[gallery-25508]

So‘ngra “Barkamol avlod bolalari” respublika festivaliga navbat berilib, unda o‘tgan o‘quv yili davomida o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha faollik ko‘rsatgan namunali o‘quvchilar, maktab o‘qituvchilari va direktorlari tashkilotchilar tomonidan maxsus diplom, faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

– Darsdan bo‘sh vaqtlarimda Xo‘jayli tumanidagi "Barkamol avlod" bolalar maktabida tashkil etilgan milliy hunarmandchilik, koreys tili va IT to‘garagiga qatnayman – deydi festival g‘oliblaridan biri, Xo‘jayli tumanidagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi Sabrina Madaminova.–Men bu festivalda milliy kashtachilik yo‘nalishi bo‘yicha birinchi o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘ldim. Kelgusida ustozlarimning menga bergan bilimlarini amalda qo‘llab, yurtimiz uchun kerakli malakali mutaxassis bo‘lib yetishishga harakat qilaman.

Tadbir “Barkamol avlod” bolalar maktablari tarbiyalanuvchilari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi bilan davom etdi.

Dovud Abibullayev,

 Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA