English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barhayot, bebaho, betakror meros
14:11 / 2025-02-04

Buyuk mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyning adabiy, ilmiy-ma’rifiy merosi boqiy, barhayot, bebaho ekani bilan nihoyatda qadrli.

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Toshkent amaliy fanlar universiteti bilan hamkorlikda shoir bobomiz tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan adabiy anjuman tashkil etildi.   

Mazkur tadbirga navoiyshunos olimlar, o‘qituvchilar, talaba-yoshlar, ma’naviyat targ‘ibotchilari taklif etildi.   

Anjumanda navoiyshunos olim, filologiya fanlari doktori Sultonmurod Olimov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Isajon Sulton, taniqli shoir, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Rustam Musurmon va boshqalar mamlakatimizda buyuk alloma bobolarimizning boy merosini o‘rganish, bu sohada xorijiy universitetlar, muzeylar, kutubxonalarda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni aniqlash bo‘yicha katta hajmdagi ishlar olib borilayotgani, ayniqsa, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan va hozirda ekspozitsiyasi yanada to‘kisroq shakllantirilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi yaqqol misol ekanini e’tirof etdilar.     

Aytish kerakki, milliy adabiyotimizda ham ulug‘ mutafakkir Navoiy ijodi, uning shaxsiyati, shoir yashagan davr haqida hikoya qiluvchi badiiy asarlar yosh avlodda bobomiz asarlariga bo‘lgan qiziqishning tobora ortishida alohida ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizda  Alisher Navoiy asarlarining muttasil tarzda nashr etilishi ulug‘ bobomiz ko‘nglini xalqimizga yanada yaqinlashtirishga, bu qadrli merosni  milliy ma’naviyatimizning hayotbaxsh  manbai va tarkibiy qismiga aylantirishga xizmat qilmoqda.   

Anjumanda Alisher Navoiy asarlarining betakror badiiyati, jozibasi, tarbiyaviy ahamiyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.   

Shoir ijodidan namunalar o‘qildi. Yoshlar ishtirokida teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.   

N.Usmonova, O‘zA