Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bardoshli, barakotli va fayzli keksalarimiz hamisha omon bo‘lsin!
15:55 / 2022-09-30

Dono xalqimiz: “Inson – g‘animat”, deydi. Darhaqiqat, biz uchun ota-bobolarimiz, faxriylarimizning hayoti ham g‘animat. Qariyalar qadr topgan yurtda mehr-oqibat, qut-baraka, tinchlik-xotirjamlik doim barqaror bo‘ladi.

Qur’oni karimning “Rahmon” surasida “Yaxshilikning mukofoti – faqat yaxshilikdir” oyati zikr etilgani bejiz emas. Keksalarga hurmat, muhtojlarga mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan.

Shu ma’noda, 1 oktyabr – Xalqaro keksalar kuni mamlakatimizda yanada keng nishonlanayotgani tabiiy. Ma’lumki, ushbu xalqaro sana 1990 yil 14 dekabrda BMT Bosh Assambleyasining 45-sessiyasida ta’sis etilgan.

bugungi kunda rivojlangan davlatlar aholisi tarkibining 25 foizi keksa avlod vakillaridan iborat va ushbu ko‘rsatkich yil sayin ortib bormoqda.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda 2015-2030 yillar oralig‘ida 60 yoshdan oshgan insonlar soni 901 million nafardan 1,4 milliard kishiga ortishi mumkin. Bu raqam 2050 yilda 2 milliard nafarni, ya’ni yer yuzi aholisining 20 foizini tashkil etishi kutilmoqda.

Keyingi yillarda insoniyat boshiga yopirilgan COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq turli ofatlar insonlar o‘rtasida shusiz ham omonat bo‘lib turgan gender tenglikni badtar tang holga solib qo‘ydi. Chunki koronavirus inqirozi ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik, tibbiy va iqlim bilan bog‘liq muammolarning qariyalar, ayniqsa, keksa ayollar hayotiga salbiy ta’sirini kuchaytirib yubordi.

Afsuski, BMT mutaxassislari tayyorlagan hisobot xulosalari biz yashab turgan va tobora globallashib borayotgan dunyoda hamma ham birdek bag‘rikeng va nuroniyparvar emasligini ko‘rsatmoqda. Sayyoramiz aholisining teng yarmi, boshqacha aytganda, zamindosh va zamondoshlarimizning har ikki nafaridan bittasi keksalarga nisbatan salbiy munosabatda ekan.

Bularning barchasi, o‘z navbatida, keksalarning mavjud ehtiyojlari va aniq muammolarini hal etishga e’tiborni yanada oshirishni taqozo etadi. Shuningdek, aksariyat yoshi ulug‘ insonlarga zarur sharoitlar yaratib berilsa, ular hali ham jamiyat hayotiga foyda keltirishda davom etishi bilan bog‘liq imkoniyatlarni hisobga olish talab etiladi.

Bunday sa’y-harakatlarning negizida, albatta, inson huquqlarini rag‘batlantirish mezonlari mujassam. Nega deganda, dunyoning ayrim hududlarida bu boradagi ahvol shundayki, ishxonalarda navqiron xodimlarga yaratilgan imtiyoz va yengilliklardan ko‘pincha yoshi ulug‘ insonlar mahrumdir.

Keksalik davri – bolalik va yoshlik davrlari kabi hayotning tabiiy hamda uzviy bosqichidir. Birgina farq shundaki, inson bolalik va yoshlik yillarida kuch-qudrat hamda azmu shijoatga to‘la bo‘lsa, aksincha, keksalik davrida jismoniy faoliyat mezoni kamayishi va kuch-qudratning zaiflashishi bilan yuzma-yuz keladi.

BMT tomonidan har yili Xalqaro keksalar kuni doirasida qariyalarni himoyalash, ularning jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida turli festival va tanlovlar o‘tkaziladi. Qolaversa, jahon miqyosida nuroniylar hayotini yaxshilashga qaratilgan BMTning Keksalik muammolari bo‘yicha maqsadli jamg‘armasi ham faoliyat ko‘rsatib turibdi.

Yer yuzidagi jami keksa ayollarning huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan siyosiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish va ularning barqaror taraqqiyotni ta’minlashdagi hissasini e’tirof etish ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlar haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, keksalarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da alohida belgilanganini qayd etish lozim. Shu ma’noda, mamlakatimizda keksalarni e’zozlash, ularning hurmatini joyiga qo‘yish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan.

Albatta, bunga qadar Harakatlar strategiyasi doirasida davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim yo‘nalishi – inson qadrini ulug‘lash, mehr va yordamga muhtoj aholini, xususan, keksalarni qo‘llab-quvvatlash borasida juda ko‘p xayrli ishlar qilindi. Pandemiya davrida “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati keng tarqalib, ehtiyojmandlarga beg‘araz yordam berildi, qiyinchilik va sinovlar bahamjihat yengib o‘tildi.

Ayniqsa, 2021 yil 25 martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari ko‘rildi. Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat uylari”, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga o‘tkazildi.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 29 aprelda qabul qilingan “Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, 2022 yil 1 maydan yoshga doir, nogironlik va boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalari miqdori 12 foizga oshirildi. Buning natijasida 4 million 100 ming aholi xonadoniga qo‘shimcha mablag‘ kirib boradigan bo‘ldi.

Xulosa qilib aytganda, Xalqaro keksalar kuni tadbirlari doirasida bunday ezgu amallarning ko‘lami yanada kengaydi. Jumladan, mehnat jamoalarida pensiyaga chiqish arafasida bo‘lgan mehnat faxriylarini taqdirlash va nafaqaga kuzatish amaliyoti joriy etildi. Korxona va tashkilotlarda uzoq yillar mehnat qilgan faxriylar xonadonlarida bo‘lib, ularni bayram bilan qutlash bahonasida hollaridan xabar olinmoqda.

Ta’lim muassasalarida O‘qituvchi va murabbiylar kuni hamda Xalqaro keksalar kuni munosabati bilan faxriy ustozlar taklif etilib, ular uchun bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Binobarin, O‘zbekistonda inson qadrini ulug‘lash va inson huquqlarini har tomonlama ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishidir.

G‘ulom MIRZO,

Oydin IBROHIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi mas’ul xodimlari.

O‘zA