Andijon shahridagi ekoparkda talabalar shousi tadbiri bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining faol a’zosi bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dodlarini yuzaga chiqarish maqsadida o‘tkazilayotgan “Tashabbusimiz, iqtidorimiz, kuch qudratimiz – Vatan uchun!” shiori ostidagi talabalar shousining navbatdagi manzili Andijon shahridagi ekopark bo‘ldi.
Viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘qib, puxta bilim olishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-12080]
Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oliy o‘quv yurtlari rahbariyati vakillariga muddatli harbiy xizmatni o‘tab, tavsiyanoma asosida o‘qishga qabul qilingan talabalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash va ularning to‘lov-shartnoma pulining 35 foizini to‘lab berish uchun vaucherlar topshirildi.
– Harbiy qo‘mondonlikning imtiyozli tavsiyanomasi asosida o‘qishga kirganman, – deydi Andijon davlat pedagogika instituti Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquqiy ta’lim yo‘nalishi talabasi Akbarjon Akmaljonov. – O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lov-shartnoma pulimning 35 foizi to‘lab berilganidan nafaqat men, balki oila a’zolarim ham xursand bo‘ldi. Faol talabalar safida bo‘lib, bunday e’tibor va ko‘makka munosib bo‘lishga harakat qilaman.
Tadbir doirasida viloyatdagi taniqli san’atkorlar, oliy o‘quv yurtlari badiiy jamoalari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi ishtirokchilarga xush va ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (foto), O‘zA