Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi yoshlar uchun
16:21 / 2024-07-15

Prezidentimizning 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida joriy yil avvalida Namangan davlat universiteti rahbariyatiga Pop tumanida istiqomat qiluvchi 29 nafar uyushmagan yoshlar biriktirilgan edi.

Tumandagi Toshqo‘rg‘on, Vodiy, Yangiobod va Birlashgan mahallalarida yashovchi yosh avlod vakillari bilan oliygoh tomonidan muntazam ravishda ish olib borilmoqda. Jumladan, universitet rektori, professor Sobitxon Turg‘unov o‘ziga biriktirilgan bir qator yoshlarning xonadoniga bordi. Yuzma-yuz suhbatlarda yigit-qizlarning bugungi ijtimoiy ahvoli, fikri, reja-maqsadlari tinglandi.  

Shu kun poplik besh nafar yosh uchun unutilmas bo‘ldi. Yangiobodlik 25 yoshli Muhammadali Umaraliyevga bir necha oy avval 20 sotix yer berilgan bo‘lib, qishloq xo‘jaligi texnikasiga ehtiyoji borligi sabab unga qishloq qishloq xo‘jaligi texnikasi taqdim etildi.  

Birlashgan mahallasidan A. Jo‘rayev va I. Ziyoviddinov oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni istashadi. Ularning har biriga noutbuk berildi. Yoshlardan Mardon G‘afuraliyev va Oybek Usmonovning payvandlash bo‘yicha malakasi bor. Shuni hisobga olgan holda ularga payvandlash va temirni kesuvchi apparat topshirildi. O‘z navbatida yoshlarga badiiy adabiyotlar to‘plamlari ham sovg‘a qilindi. Bunday e’tibor yoshlarni behad xursand qildi.  

Uchrashuvda rektor ertamiz egalariga e’tiborga muhtoj, ijtimoiy-moddiy jihatdan yordam zarur bo‘lgan yosh avlodning muammolariga yechim izlash davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta’kidlab, bunga javoban hayotda to‘g‘ri yo‘ldan adashmay, halol mehnat bilan yurt ravnaqiga hissa qo‘shish ularning eng asosiy maqsadlari bo‘lishi lozimligini aytib o‘tdi.

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA