Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi yosh avlod kamoloti uchun
15:48 / 2022-10-03

Buxoro viloyati Jondor tumani “Nurafshon” mahalla fuqarolar yig‘ini Moxon qishlog‘ida sport-sog‘lomlashtirish markazi hamda 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. 1,5 gektar maydonni egallagan inshootlarga “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati homiylik qildi.

– Barchamizga ma’lumki, Jondor tumani Ergash Qilichov, Rahim Vohidov, Oltin Yoriyev, Dilorom Karimova, Farhod Sohibov singari olim va olimalari, To‘ra Narziyev singari xalq qahramonlari, Rishod Sobirov, Chori Sharipov, Sobir Qurbonov, Ilg‘or Asadov singari chempionlari bilan dovrug‘ taratgan, – dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov. – Ishonch bilan aytish mumkinki, ushbu sport hamda maktabgacha ta’lim muassasalari ana shunday ulug‘lar singari yurtimiz kelajagiga munosib vorislarni tarbiyalashda poydevor vazifasini o‘taydi. Shu o‘rinda mazkur zamonaviy inshootlar qurilishida beminnat xizmatini ayamagan “O‘zbekneftgaz” AJ va uning tasarrufidagi Buxoro Neftni qayta ishlash zavodi rahbariyatiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz.

Tantanali ochilish marosimida oqsoqollar, mehnat faxriylari, sportchilar mazkur ikki inshoot navqiron avlod kamoloti yo‘lida xizmat qilishiga ishonch bildirishdi.

[gallery-9015]

— “Sanoatqurilishbank” viloyat filiali tomonidan loyiha qiymati 19 milliard 300 million so‘mga moliyalashtirilgan sport sog‘lomlashtirish markazi nafaqat Moxon qishlog‘i yoki Jondor tumani, balki viloyatning ko‘rki bo‘lishi shubhasiz, – deydi majmua direktori Shuhrat Sobirov. — Bir paytning o‘zida 260 nafar yosh sportsevarlarni qabul qilish imkoniyatiga ega majmuada futbol bilan birga voleybol, basketbol, boks, Sharq yakkakurashlaridan karate, taekvondo, dzyudo, shuningdek, badiiy gimnastika, milliy kurash, stol tennisi, shaxmat-shashka, trenajyor zallari, qolaversa, elektron axborot kutubxona faoliyatini olib boradi. Umuman, majmuada ellikka yaqin ish o‘rin yaratilgani holda navqiron avlod iste’dodi va jismoniy imkoniyatini yuzaga chiqarishdek sharafli ishga bel bog‘laganmiz. Bizga shunday majmua va unda sun’iy qoplamali stadionni qurib bergan homiylardan minnatdormiz.

Sport koshonasi yonida qayta chiroy ochgan 19-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti o‘tgan asr yetmishinchi yillarida qurib ishga tushirilgan. Ammo keyingi paytda ko‘rimsiz va ta’mirtalab ko‘rinishga kelgan muassasa edi. Bugun bir qavatli pastqam bino o‘rnida uch qavatli zamonaviy dizayndagi bolalar maskani barpo qilingani, 90 o‘rinli muassasa endilikda 150 nafar bolajonni o‘z bag‘riga olayotgani quvonarli, albatta. Bugun foydalanishga topshirilgan mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotining loyiha qiymati 11 milliard so‘mga teng bo‘lib, uning qurilishida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi “NR Construction” hamda “Happy day Nukus” korxonalari binokorlarining xizmati katta bo‘ldi.

– Bog‘chamizda barcha qulayliklar yaratilgan, – deydi tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri O.Barakayev. – Zarur ko‘rgazmali vositalar, o‘quv qurollari bilan jihozlangan mashg‘ulot xonalari, ertak qahramonlari bilan bezatilgan o‘yin hamda sport maydonchalari, shinam yotoqxona va undagi mebellar, bolajonlar ixtiyoridagi keng va yorug‘ oshxona, risoladagidek sanitariya tarmog‘i, hatto qishda binoni isitish tizimining to‘laligicha yangilangani uchun tashkilotchi va homiylardan minnatdormiz. Asosiysi, bu yerda mahalliy aholi vakillaridan saralangan 32 nafar tarbiyachi va ishchi xodim jajji o‘g‘il-qizlarimiz xizmatida bo‘lishadi.

Zarif Komilov, O‘zA