French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi inson qadri uchun
08:55 / 2022-12-30

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Farg‘ona tumanining Oqbilol hamda Qurilish mahallalarida yashovchi, yagona boquvchilari xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning xonadonlarida bo‘lib, ularning ota-onalari, oilalari, farzandlari holidan xabar oldi. Davlatimiz rahbari nomlaridan ularni Yangi yil bayrami bilan qutladi.

Xonadonlarda bo‘lib o‘tgan muloqotlar chog‘ida xorijda mehnat qilayotgan vatandoshlarimizning mehnat faoliyati borasida so‘z bordi, hozirgi kunda viloyatda, tumanda yaratilayotgan ish imkoniyatlari haqida ma’lumot berilib, ota-onalari va oilalari bag‘rida yashab mehnat qilishlari uchun yetarli sharoit va imkoniyatlar mavjudligi bildirildi.

Davlatimiz rahbari nomidan xonadonlarga Yangi yil sovg‘alari, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechaklar taqdim etildi. "Oqbilol" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Jamoliddin Aliyev xonadonida oila to‘ng‘ich o‘g‘li quyonchilikka qiziqishini bildirdi. Viloyat hokimining ko‘rsatmasi bilan oilaga quyon qafasi va zotdor quyonlar olib kelib beriladigan bo‘ldi. "Qurilish" mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Sohib Mahkamovning keksa onasiga esa nogironlik aravachasi sovg‘a qilindi.

Har bir xonadonda qo‘llar duoga ochilib, yurtimizga tinchlik va xotirjamlik so‘raldi, ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirildi.

Viloyat hokimi shuningdek, Qurilish mahallasida istiqomat qiluvchi, nogironligi bo‘lgan rassom Shuhrat O‘rinboyev xonadonida ham bo‘ldi. Taqdir Shuhratga jismonan but jussani nasib etmadi, lekin shunga qaramay u bor matonatini ishga solib, iqtidorini namoyon etib kelmoqda. bugungi kunda Shuhrat O‘rinboyev Chimyon qishlog‘idagi 15-umumta’lim maktabida rassomchilikdan dars berib, o‘quvchilarga rassomchilikning sir-asrorlarini o‘rgatib keladi. Shuhrat O‘rinboyev oilasiga Yangi yil sovg‘alari hamda kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilindi.

M.Sulaymonov,  

O‘zA