Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi aholi uchun
19:18 / 2020-04-09

Joylarda homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlarining tashkil etilishi aholini bir maqsad yoʻlida jipslashishga, saxovatpesha insonlarni xayriya ishlariga undamoqda.


Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshidagi homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazida jamlanayotgan oziq-ovqat mahsulotlari, antiseptik vositalar, tibbiy niqob va boshqa zarur dori-darmonlar ehtiyojmand oilalarga yetkazib berilmoqda.

Koronavirus epidemiyasi boʻyicha eʼlon qilingan karantin rejimiga qaramasdan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan aholining kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini, keksa va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylarda homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlarining tashkil etilishi aholini bir maqsad yoʻlida jipslashishga, saxovatpesha insonlarni xayriya ishlariga undamoqda.

7.JPG

– Mazkur markazning asosiy vazifasi, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan keltirilgan xayriyalarni, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari, tibbiy niqoblar, dori-darmon vositalarini qabul qilish, ularni sanitar-gigiyenik talablarga muvofiq kam taʼminlangan oilalarga yetkazib berishdan iborat, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri birinchi oʻrinbosari Maryam Ahmedova. – Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan Orolboʻyiga ajratilgan 36,7 tonna un, makaron, oʻsimlik yogʻi, kartoshka, piyoz, shakar kabi mahsulotlar koʻngillilar tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga yetkazib berildi.

Bundan tashqari markazga tadbirkorlardan, korxona, tashkilot va muassasalar, fuqarolardan 1,5 tonna un, 2,5 tonna guruch, 2,4 tonna oʻsimlik yogʻi, 2 tonna kartoshka, 2 tonna piyoz, 2110 dona tuxum jamgʻarildi. Bugungi kunga 1464 yordamga muhtoj insondan murojaat kelib tushdi. Shundan 1050 murojaat egasiga yordam koʻrsatildi.

10.JPG

–Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi tomonidan olib kelingan oziq-ovqat mahsulotlari 21 ta oilaga tarqatildi,–deydi Nukus shahridagi “Chimboy choyxona” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Navroʻzboy Qurbonov. – Bundan tashqari, ikkinchi sektor rahbari tomonidan hududimizda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi. Bunday yarmarkalar tez-tez oʻtkazib turiladigan boʻldi. Shuningdek, “Xalq banki” mutaxassislari tomonidan pensioner va nafaqa oluvchilarga naqd naqd pullar maxsus paketlarda uyma-uy yurib oʻz egalariga topshirildi. Fuqarolarga barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Faqat ular oʻz uylarida qolib foydali ish bilan shugʻullansalar boʻldi.

Bunday homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari Orolboʻyining barcha tumanlarida faoliyat olib bormoqda.