Yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘z umumxalq bayrami arafasida Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani markaziy poliklinikasi bolalar bo‘limi binosi rekonstruksiyadan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Tadbirda ishtirok etgan viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Avaz O‘rinboyev, tuman sektor rahbarlari va boshqalar keyingi yillarda mamlakatimiz tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lashga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatli bo‘layotganini ta’kidladi. Yangidan barpo etilayotgan va mukammal qayta ta’mirlanayotgan tibbiyot muassasalarining zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanayotgani aholiga tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatishda muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yilda viloyatimizga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosi doirasida amalga oshirilgan rekonstruksiya jarayonida 3,61 milliard so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari bajarilib, binoning eshik-romlari to‘liq yangilandi, tom, pol qismi to‘liq almashtirildi, tashqi fasad va xonalar ta’mirlandi, isitish, suv kanalizatsiya, ventilyatsiya, elektr tizimlari yangilandi hamda hovlisida obodonlashtirish ishlari olib borildi.


2022 yildagi "Tashabbusli byudjet" loyihasining 1-mavsumiga ko‘p tarmoqli tibbiyot poliklinikasi bolalar bo‘limini mebel jihozlari bilan ta’minlash uchun qo‘yilgan loyiha g‘olib bo‘lib, 480 million so‘mlik mebel jihozlari bilan ta’minlandi.

1975 yilda qurilgan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika bolalar bo‘limi 590 ta qatnovga mo‘ljallangan bo‘lib, bino shu davrgacha mukammal ta’mirlanmagan edi.
M.Sulaymonov, O‘zA