Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi aholi salomatligi uchun
16:22 / 2023-04-15

Buxoro tumani “Rabotak” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tibbiyot birlashmasi bino inshootlari qurilmoqda. Muassasa 2, 3 va 4 qavatli zamonaviy inshootlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, mazkur loyiha amaliyotiga investitsiya dasturi asosida 4,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

– Galaosiyo shahrining Fitrat ko‘chasi 17-uyda faoliyat yuritib kelayotgan tuman tibbiyot birlashmasi bino-inshootlari keyingi yillarda ma’nan eskirgani sababli yuqoridagi loyihaga talab va ehtiyoj ortgan edi, – deydi tuman Tibbiyot birlashmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchisi Akbar Shukrullayev. – Endilikda qariyb 2 gektarni egallagan hududda shinam va yangicha andozadagi tibbiyot birlashmasi qad rostlagani ayni muddao. Bunda tug‘uruq kompleksi, terapiya, jarrohlik bo‘limi, bolalar shifoxonasi bilan birga, yuqumli kasalliklar bo‘limi hamda tez tibbiy yordam stansiyasi “103” xizmatida jami 380 nafar tibbiyot personali mehnat faoliyatini olib boradi. Birgina tez tibbiy yordam shoxobchasi – “103” xizmatini olsak, bunda bir paytda 3 ta, bir kecha-kunduzda esa 12 ta mobil harakatdagi tibbiyot brigadasi chaqiruvlarga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ladi. Buning uchun maxsus jihozlangan avtotransport vositalari, qolaversa, tor doiradagi mutaxassislardan iborat ekipajiga ega 1 ta reanimobil joriy qilingan. Tez tibbiy yordamda o‘ndan ortiq oliy ma’lumotli vrach, yana shuncha feldsher va hamshira faoliyat olib boradi.  

Bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilayotgan ushbu tibbiyot birlashmasining bugun ikki qavatli yuqumli kasalliklar bo‘limi hamda “103” stansiyasi binolari tantanali ochildi. Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, tuman hokimligi mas’ul mutasaddilari, quruvchilar, jamoatchilik vakillari hozir bo‘ldi. Unda so‘zga chiqqanlar zamonaviy tibbiyotning ilg‘or va yuqori aniqlikdagi uskunalari bilan jihozlanayotgan tibbiyot muassasasi va bo‘limlari tizim faoliyatiga qaratilayotgan e’tibor tufayli ekanligi, bu albatta, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Yangi bino shifokorlar va bemorlar uchun ham qator qulayliklarga ega ekanligi qayd qilingani holda uning qurilishida jonbozlik ko‘rsatgan binokorlarga alohida minnatdorlik bildirildi.  

Qurilish sohasida qariyb 40 yillik tajribaga ega mohir binokor Axtam Ulug‘ov rahbarligidagi “47-son Xo‘jaliklararo ko‘chma mexanizatsiyalashtirilgan kolonna” MCHJ jamoasi keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalarini amalga oshirmoqda. Qurilish va ta’mirlash-tiklash ishlarida jonbozlik ko‘rsatmoqda.  

Tadbirda ramziy alvon lenta qirqilgach, yig‘ilganlar muassasada yaratilgan shart-sharoit bilan yaqindan tanishdi.  

Zarif Komilov, O‘zA