Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barchasi aholi farovonligi uchun
11:12 / 2025-07-01

Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida barpo etilgan “Eko bozor” aholining ko‘p yillik orzusini ro‘yobga chiqardi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Gap shundaki, tumanda faoliyat yuritgan avvalgi bozor bugungi kun talablariga umuman javob bermasdi.

Yangi bozorning ochilgani tuman aholisi uchun haqiqiy bayram bo‘ldi. Endilikda mahalliy dehqonlar o‘z mahsulotlarini “Eko bozor” orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchilarga yetkazish imkoniga ega. Bu sifat va narx jihatidan odamlarga ma’qul bo‘lmoqda. Bozorda 640 ta ish o‘rni yaratilgan.

[gallery-24110]

“Yangi O‘zbekiston” massivining yonginasida qariyb bir gektar maydonda barpo etilgan mazkur uch qavatli savdo majmuasida sotuvchi va xaridor uchun barcha sharoitlar bor. Birinchi qavatda asosan dehqonchilik mahsulotlari savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Jazirama issiq bo‘lishiga qaramay pavilonda salqinlik ta’minlangan. Bundan sotuvchi va xaridorlar juda mamnun.

– Bozorda sotuvchiman, – deydi Nigora Ahmadova. – Barcha imkoniyatlar yaratilgan. Mahsulotlarimizni qiynalmay sotyapmiz. Yaqinda Prezidentimiz ham bozorimizga tashrif buyurdi. Men ham u kishi bilan uchrashish baxtiga muyassar bo‘ldim.  Kayfiyatimni so‘radi. Bu men uchun juda katta motivatsiya bo‘ldi. Maqtash emas, sharoitlarimiz haqiqatdan yaxshi. Chekka bir hududda mana shunday muhtasham savdo majmuasining qurilishi biz yakkabog‘liklarga g‘urur bag‘ishlaydi. Albatta buning ortida davlatimiz rahbarining ezgu islohotlari, tadbirkorlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari yotibdi.  

Majmuaning ikkinchi qavatidan kiyim-kechak do‘konlari joy olgan. Uchinchi qavatda esa o‘yingohlar va umumiy ovqatlanish nuqtalari tashkil etilgan. Majmuada yaratilgan sharoitlardan aholi juda mamnun.

– Bugun farzandlarim bilan ushbu savdo majmuasiga aylangani keldik, – deydi Sarvinoz Musurmonova. – Maza qilib aylandik. Eng muhimi bolalarni o‘yingohga qo‘yib, do‘konlarni, bozorni bemalol tomosha qildim. Ham bolalar miriqib o‘ynadi, ham savdo-sotiq ishlarim bitdi. Endi ovqatlanishga ketyapmiz. Hammasi majmuaning ichida. Chekka tumanimizda shunday zamonaviy savdo majmuasining qurilganidan xursand bo‘ldik.  

– O‘tgan yili faoliyat boshlaganmiz. – deydi “Eko sity”savdo majmuasi mas’ullaridan biri Ulug‘bek Xalilov. – Bir vaqtning o‘ziga 2,5 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Dehqon bozorida 400 dan ziyod savdo rastalari va 28 ta savdo do‘koni mavjud. Ikkinchi qavatdagi 105 ta kiyim-kechak do‘konlarida 128 ta tadbirkor faoliyat yuritmoqda. Uchinchi qavatda 3 ta oshxona bor. Narx-navosi bir maromda. Davlatimiz rahbari majmuamizga tashrifi chog‘ida samimiy fikrlarini bildirib, tarmoqni yanada rivojlantirish uchun o‘z tavsiyalarini berdi.  

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, bu kabi yirik loyihalarning chekka tumanlarda barpo etilishi va u yerda zamonaviy sharoitlarning yaratilishi eng avvalo aholining turmush farovonligi oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.  

O‘lmas Barotov,  

Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari