Hozirgi kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yilligi butun mamlakat bo‘ylab bayramona ruhda kutib olinmoqda. Jizzax viloyatining Zomin tumanida ham bu ulug‘ sanani munosib qarshi olish maqsadida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda.
"Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!" shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu tadbirlar yurtdoshlarimizning qalbidagi muhabbat, millatga sadoqat va istiqlolga bo‘lgan faxr tuyg‘ularini yanada kuchaytirmoqda.

Tumanning "Mustaqillik" va "Navbahor" mahalla fuqarolar yig‘inlarida, shuningdek, 15- va 37-sonli maktablarda tashkil etilgan tantanali tadbirlar barchada o‘chmas taassurot qoldirdi. Yoshlar, bolajonlar, nuroniylar va mahalla faollari katta hayajon bilan ishtirok etgan bu tadbirlar chinakam xalq bayramiga aylandi. Konsert dasturlari, sahna ko‘rinishlari, raqslar va kuy-qo‘shiqlar,kitoblar ko‘rgazmasi, interaktiv o‘yin va sport musobaqalari barchaga birdek quvonch bag‘ishladi.

Ushbu tadbirlar Zomin tumani hokimligi, “Mahallalar uyushmasi” tuman bo‘limi, “Nuroniylar” kengashi, Yoshlar ishlari agentligi, tuman madaniyat va axborot-kutubxona markazlari hamda Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazining tuman bo‘linmasi hamkorligida amalga oshirildi.


A. Qayumov, J. Yorbekov (video + surat), O‘zA muxbirlari