Ma’lumki, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o‘zgarishlari sabab qishloq xo‘jaligida qiyinchiliklar va mahsulotlar taqchilligi yuzaga kelmoqda. Bunday sharoitda, eng avvalo yerlarni asrash, muhofaza qilish hamda ulardan to‘g‘ri va samarali foydalanish talab etiladi.
Shu boisdan so‘nggi yillarda mamlakatimizda yer resurslaridan oqilona foydalanish va yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilyapti. Xususan, yerlarning hisobini olish, davlat yer kadastri ma’lumotlarini to‘g‘ri yuritish ishlari faollashib, raqamlashtirish jarayonlariga o‘tkazildi.
Ayni vaqtda mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha toifadagi yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish va respublika yer fondini to‘liq qamrab olish tizimini takomillashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida Respublika aerogeodeziya markazi bo‘lim boshlig‘i Dilshod MURODOV kuyidagilarni so‘zlab berdi.
– Yurtimizdagi har qarich yerning hisobini olish, qishloq xo‘jaligi yerlari bilan bog‘liq munosabatlarning barqarorligini ta’minlash, yer resurslarini muhofaza qilish hamda sohaga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishga qaratilgan yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xatlovdan o‘tkazish jarayonida yer turlari, toifalari va undagi o‘zgarishlar, yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va mulkdorlarning hisobida bo‘lgan yerlar chegaralari, geografik joylashuvi va boshqa barcha ma’lumotlar aniqlanib, elektron tizim orqali hisobi yuritiladi.
Shu o‘rinda aytish joiz, 2022—2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida raqamli iqtisodiyotni asosiy “drayver” sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirish belgilangan. Shu jihatdan, loyihani yurtimizda kechayotgan faol raqamlashtirish ishlarining bir qismi deyish mumkin.
Ayni vaqtda yurtimizda jami 44 million 892 ming gektar yer maydoni mavjud. Bu maydoni 0,44 kvadrat kilometrni tashkil etuvchi dunyodagi eng kichik davlat — Vatikan yerlari bilan solishtirganda, bir necha million barobar ko‘p degani. Demak, bizning qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarni rivojlantirish imkoniyatlarimiz ham ancha yuqori.
Yurtimizdagi yer maydonlari foydalanish maqsadi va tartibiga ko‘ra sakkiz toifaga — qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, aholi punktlari, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga hamda tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish va rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik, o‘rmon fondi, suv fondi va zaxira yerlarga bo‘linadi. Shundan asosiysi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘lib, ularning umumiy maydoni 22 million 116 ming gektarni tashkil etadi.
bugungi kunda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, yerlarni qayta foydalanishga kiritish, lalmi va yaylov yerlarni o‘zlashtirish yuzasidan sug‘orish quduqlarini qazish, nasos agregatlarini o‘rnatish hamda yangi mevali bog‘lar va tokzorlar barpo etish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, yer maydonlari xatlovdan o‘tkazilib, hisob-kitobi ham muntazam yangilab borilyapti.
Hozir yer bo‘yicha barcha munosabatlar qonuniy va yangi tartiblar asosida amalga oshirilayotganini hisobga olsak, xatlov natijalarida aks ettiriladigan yerdan foydalanuvchilar nomlari, ularning manzili, maydoni va chegaralari bo‘yicha ma’lumotlar muhim ekani ko‘rinadi. Qolaversa, xatlov natijalaridan yer kadastri ma’lumotlarini yangilab borish, yerdan foydalanuvchilarning yagona soliq stavkalarini hisoblash ishlarini bajarishda ham asosiy hujjat sifatida foydalaniladi.
Tizim aholi uchun ham qator qulayliklar taqdim etadi. Ya’ni, qishloq xo‘jaligi yerlarini ro‘yxatdan o‘tkazish nafaqat ma’lumotlar bazasini shakllantirish, balki anglashilmovchilik tufayli yerdan foydalanuvchilarning ortiqcha soliq to‘lashlari yoki yerdan noqonuniy foydalanish kabi holatlarning oldini oladi. Mazkur ro‘yxat barcha uchun ochiq bo‘lib, istalgan kishi geoportal orqali ko‘chmas mulk joylashgan viloyat, tuman yoki shahar nomi, kadastr raqami, davlat ro‘yxatidan o‘tgan sana, hujjat va amaldagi yer maydoni kabi ma’lumotlarni ochiq va shaffof ko‘rishi mumkin.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, yer umummilliy boylik hisoblanadi. Umummilliy boylik tushunchasi esa mamlakat yer fondining umumiy tarzda davlat mulki ekanligini anglatadi. Boshqa tabiiy resurslar kabi yer ham davlat muhofazasida bo‘lgani sababli undan oqilona, to‘g‘ri va ilmiy asoslangan tarzda foydalanish lozim.
bugungi kunda Respublika aerogeodeziya markazi mutaxassislari tomonidan nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki barcha turdagi yer maydonlarini xatlovdan o‘tkazish, “Argis” dasturida elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Xatlov ishlari zamonaviy usul va texnologiyalar, yuqori aniqlikdagi o‘lchov asboblaridan foydalangan holda bajariladi. Avvalgidek, har qarich yerni joyida o‘lchab, qog‘ozlarda qayd etish hozir o‘zini sira oqlamaydi.
Bugun yer maydonlarini o‘zi uchar qurilmalar o‘lchab, elektron tizimlar ro‘yxatga olyapti. Qator xorijiy davlatlar, xususan, Shveysariyaning “Leica” kompaniyasi bilan doimiy hamkorligimiz yo‘lga qo‘yilgan. Jarayonda korxona ishlab chiqaradigan TS02, TS11, GS10 va GS18 markali yuqori aniqlikka ega elektron taxeometrlar, GPS qurilmalaridan keng foydalanamiz. Ular tizimdagi hisob-kitob ishlarida xatoga yo‘l qo‘yish ehtimolini deyarli yo‘qqa chiqaradi, adashishga yo‘l qo‘ymaydi.
Xatlov ishlari asosan 3 bosqichni qamrab oladi. Birinchi bosqich deshifrovka ishlaridan iborat. Ya’ni, har bir yerdan foydalanuvchining konturlari hamda topoelementlari xatlovdan o‘tkazilib, takrorlanmas yangi kontur raqamlari beriladi. Shu asosida elektron raqamli qishloq xo‘jaligi xaritalari va qaydnomalari yaratiladi. Ikkinchi bosqichda ana shu xarita va qaydnomalardan foydalangan holda, har bir yerdan foydalanuvchini konturlari sonidan qat’i nazar, bitta ob’ekt sifatida xatlovdan o‘tkazib, alohida tartib raqami beramiz. So‘nggi, uchinchi bosqichda “Argis” dasturiga kiritilgan xatlov natijalari asosida turli masshtablardagi qishloq xo‘jaligi xaritalari yaratiladi.
Bugunga qadar yurtimiz bo‘ylab jami 137 ta tumandagi 5 ming 389 ta mahallada xatlov ishlari yakuniga yetkazilib, yer kadastri ma’lumotlari yangilandi. Xatlov o‘tkazilgan hududlarning umumiy maydoni 9 million 567 ming gektar bo‘lib, yer uchastkalariga jami 327 ming 625 ta takrorlanmas kontur raqamlari qo‘yib chiqildi.
Xatlov ishlari 2023 yilda yakunlanishi rejalashtirilgan. Bunda respublikaning 28 ta tumanida yer resurslarini xatlovdan o‘tkazish ishlari bajariladi. Olingan natijalar asosida yer resurslarining holati bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar, hisobotlar tayyorlanadi hamda yerlarning miqdoriy hisobini to‘liq va to‘g‘ri yuritish tizimini takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Ammo bu bilan ishlar nihoyasiga yetmaydi, elektron tizimdagi ma’lumotlar doimiy yangilanib boriladi.
Shahnoza Mamaturopova
yozib oldi