Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha texnikalar mavsumga shay
17:10 / 2024-06-03

Navoiy viloyati g‘allakorlari 2024 yil hosili uchun 44 ming 300 gektar maydonga boshoqli don ekib, parvarishladi. Garchi ob-havo sharoiti noqulay kechgan bo‘lsada, fermerlar har bir kundan unumli foydalangan holda mo‘l hosil yetishtirdi.

Hademay yetishtirilgan hosilni yig‘ishtirib olish boshlanadi. O‘rim mavsumi boshlanishi avvalida g‘alla yetishtiruvchi har bir tumanda amaliy seminarlar tashkil etilmoqda. Unda g‘allachilik klasteri rahbarlari, fermerlar va sohaga daxldor tashkilotlar vakillari ishtirok etyapti.

Bu yilgi mavsumda 91 ta yuqori unumli don o‘rish kombaynlari qatnashishi rejalashtirilgan. Mavsum avvalida kombaynlarni tayyorlash uchun 5 milliard 644 million so‘mlik ehtiyot qismlari, shinalar, akkumulyator batareyalari hamda servis xizmati uchun yonilg‘i-moylash materiallari, filtrlar va boshqa ehtiyot qismlarga talab borligi aniqlangan. Ayni paytga qadar g‘allachilik klasterlari tomonidan kombaynlarni ta’mirlash uchun 4 milliard 450 million so‘mdan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilib, zarur ehtiyot qismlar yetkazilgan.

– Inspeksiya tomonidan kombaynlarning ta’mirlanishi, kerakli ehtiyot qismlar uchun talab etiladigan mablag‘ning o‘zlashtirilishi, mexanizatorlarga zarur sharoitlarning yaratilishi yuzasidan kunlik monitoring o‘tkazib borilmoqda, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi bosh mutaxassisi B.Bozorov. – Xususan, o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida boshqarma va tumanlar bo‘limlari tomonidan kombaynlarni ta’mirlashda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan vakolatli idoralar rahbarlariga 15 ta yozma ko‘rsatma va 130 ta ogohlantirish xatlari berilib, 5 ta taqdimnoma kiritilgan. Mavsumda qatnashishi belgilangan “Agroservis MTP” MCHJga qarashli 45 ta, fermer xo‘jaliklariga qarashli 39 ta va boshqa tashkilotlarga qarashli 7 ta kombaynlar birma-bir texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik jarayonlarida kombaynlarda uzel va agregatlarning sifatli ta’mirdan chiqarilganligi, servis xizmatlarining o‘tkazilganligi, tungi yoritish va gabarit chiroqlarining ishlashi, birlamchi o‘t o‘chirish vositalarining butligi, don to‘kilishining oldini olish maqsadida germetizatsiya ishlarining amalga oshirilganligiga e’tibor qaratilmoqda.

Seminarlarda kombaynlarning tayyorgarlik holati yakuniy nazorat qilinib, g‘alla o‘rim-yig‘imiga jalb qilinadigan barcha mas’ullarga zarur tavsiya va topshiriqlar berilmoqda.  

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri