Prezidentimizning joriy yil 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashuvlarning oldini olish hamda nazorat qiluvchi organlarning mas’uliyatini oshirish va faoliyati ochiqligini ta’minlash bo‘yicha qator vazifalar belgilangan edi. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining 2022 yil 13 sentyabrdagi “Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazishni muvofiqlashtirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatga muvofiq, 2022 yil 1 noyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bo‘yicha o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi. Bunda tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida mazkur tizimda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi. Endilikda, nazorat qiluvchi organlar “Xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida tadbirkorlik sub’ektini kamida 10 ish kuni oldin xabardor qiladi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektining ilgari tekshirilgan faoliyat davridagi predmeti va ob’ekti bo‘yicha qayta tekshiruv o‘tkazishga va tadbirkorlik sub’ekti tomonidan avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Tadbirkorlik sub’ektlari uchun profilaktika tadbirlarini tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida tadbirkorlik sub’ektlari moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashmagan holda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshiradi. Tadbirkorlik sub’ektlari nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslarini quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega. Ya’ni tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda, tekshiruv belgilangan tartibda Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida, tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida.
Qaror bilan 2023 yil 1 yanvardan boshlab nazorat qiluvchi organlarga “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlandi. Shuningdek, mazkur qaror bilan “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida tekshiruvlar va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlandi.
Mazkur qaror albatta, Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilishda, noqonuniy tekshiruvlarning oldini olish hamda tadbirkorlarning faoliyati bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazilishining qonuniyligi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Murodjon Hoshimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Biznes-ombudsmanning Andijon viloyatidagi bosh inspektori
O‘zA