Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha ta’lim muassasalarida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga bag‘ishlangan «Xotira darslari» bo‘lib o‘tdi
16:02 / 2016-09-04

Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan «Xotira darslari» bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, barchamiz uchun qadrli inson bo‘lgan Islom Karimov o‘z hayoti va taqdirini jonajon O‘zbekistonimiz, xalqimizga bag‘ishladi.

Mamlakatimizdagi barcha ta’lim maskanlarida 4-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan «Xotira darslari» bo‘lib o‘tdi.

Ulug‘ rahbarimizning Vatan ravnaqi, xalqimiz oldidagi buyuk xizmatlarini yodga olish maqsadida tashkil etilgan mazkur darslarda turli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlarining mutasaddilari, professor-o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilari, tarixchi olimlar, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod kamoloti yo‘lida muntazam g‘amxo‘rlik ko‘rsatganini butun jahon jamoatchiligi e’tirof etmoqda. Yurtboshimizning xotirasini aziz va muqaddas bilish, istiqlol yillarida mamlakatimizda navqiron avlodning porloq kelajagi yo‘lida yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni qadrlashga o‘rgatish, yoshlar qalbidagi Vatanga muhabbat, yurtparvarlik tuyg‘usini mustahkamlash keng jamoatchilik, ta’lim fidoyilari, ota-onalar zimmasidagi eng mas’uliyatli vazifadir.

Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, butun jahonda «o‘zbek modeli» degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida mangu qoladi. Xalqimiz o‘zining tarixan qisqa muddat – 25-yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda Prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi va shu ulug‘ insonning xizmatlari, deb biladi.

O‘quvchilar Prezidentimizning tarjimai holi bilan tanishtirilgach, maxsus monitorda namoyish etilgan filmda Islom Karimovning O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi, mamlakat mustaqil taraqqiyot dasturini ishlab chiqqan va milliy taraqqiyot yo‘lini belgilab bergan atoqli davlat arbobi, yurtimizda amalga oshirilgan ulkan islohotlar, tarixiy o‘zgarishlarning tashabbuskori va rahnamosi sifatidagi xizmatlari haqida so‘z yuritildi.

Mustaqilligimizning ma’naviy asoslarini yaratish, fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy jabhalardagi tub islohotlar, dunyo mamlakatlari bilan teng huquqli hamkorlik, Qurolli Kuchlarimizning qudratini oshirish yo‘lidagi ishlar bevosita Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirildi. Prezidentimizning uzoqni ko‘zlagan dono siyosati, matonati, jasorati bilan O‘zbekiston tinchlik va osoyishtalik barqaror, turli millat va diniy konfessiyalar vakillari o‘zaro hamjihat, ahil va totuvlikda istiqomat qilayotgan mamlakatga aylandi.

– Sobiq tuzum davrida mutelik, qaramlik iskanjasiga tushib qolganimizni katta avlod vakillari yaxshi eslaydi, – deydi 169-umumta’lim maktabi direktori Yorqinoy Mamatova. – Millat dardi – mening dardim, deb maydonga chiqqan Prezident Islom Karimovning jasorati bilan butun mintaqamizda g‘araz niyatli nayranglarga, turli fitnalarga barham berildi. «Paxta ishi», «O‘zbeklar ishi» degan tuhmatlarga chek qo‘yildi. Nohaq qamalgan, jabr chekkan minglab yurtdoshlarimiz ozod etildi. Bugun yoshlarimiz tinch va osoyishta osmon ostida, ota-onasi bag‘rida emin-erkin ulg‘aymoqda. Ular istiqlolni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, uning qadriga yetish zarurligini, bu yorug‘ va saodatli kunlarimiz, baxtiyor hayotimiz xalqimizning fidoyi insonlari chekkan mashaqqatlar evaziga kelganini bilishi kerak.

Mamlakatimizning barcha ta’lim maskanlarida bo‘lgani kabi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida o‘tgan «Xotira darslari»da ham Birinchi Prezidentimizning jonajon Vatanimiz buyuk kelajagi, tinchligi va osoyishtaligi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi fidokorona mehnatlari haqida hikoya qilindi.

– Prezidentimiz Islom Karimovning Vatanimiz mustaqilligi, xalqimiz ozodligini ta’minlash yo‘lidagi chekkan zahmati, millatimiz oldidagi yuksak xizmatlarini yoshlar ongi va qalbiga singdirish g‘oyat ulkan ma’naviy-ma’rifiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega, – deydi Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi moliya va iqtisodiyot kolleji direktori Otabek Mirzag‘aniyev. – Ayniqsa, Prezidentimizning mamlakatimizni dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga ko‘tarish, xalqimizning hayot sifatini oshirish, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirishdagi xizmatlari xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda.

Mashg‘ulotlar jarayonida keltirilgan fakt va raqamlar O‘zbekistonda istiqlol yillari erishilgan ulkan yutuqlar haqida hikoya qiladi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, uch bosqichli sport musobaqalari tizimi tashkil etildi. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan joylarda 300 ga yaqin bolalar musiqa va sport maktabi, 1 ming 900 dan ziyod sport inshooti bunyod etildi. So‘nggi 10-yilda bolalar va o‘smirlarning sport bilan muntazam shug‘ullanish darajasi 30 foizdan 57 foizga, qizlar o‘rtasida 24 foizdan 47 foizga yetdi.

12-yildan beri mamlakatimizda yalpi ichki mahsulot o‘sishi ko‘rsatkichi sakkiz foizdan ziyod bo‘lib kelmoqda.

– Bugungi dars jarayonida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning naqadar jasoratli, mard, qat’iyatli, uzoqni ko‘ra oluvchi, zukko, el-yurt tashvishlarini o‘z hayotining ma’no-mazmuniga aylantirgan inson ekaniga yana bir karra amin bo‘ldik, – deydi ushbu kollej o‘quvchisi Mohichehra Abdukarimova. – Xalqimizning buyuk farzandi Islom Karimovning porloq xotirasi barcha yurtdoshlarimiz singari biz – yoshlarning ham qalbimizda mangu muhrlanib qoladi.

Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida ham «Xotira darslari» zamonaviy axborot, pedagogik texnologiyalardan keng foydalanilgan holda hayotiy misollar yordamida o‘tildi.

Sobiq tuzum davrida O‘zbekiston iqtisodiyoti biryoqlama rivojlangan, aholining hayot darajasi achinarli ahvolga tushib qolgan agrar respublika edi. Prezidentimiz Islom Karimov rahbarligida mamlakatimiz suverenitetining iqtisodiy asoslarini mustahkamlashga oid dasturlar, jumladan, O‘zbekistonning g‘alla mustaqilligi, yoqilg‘i-energetika, transport-kommunikatsiya sohasidagi mustaqilligini ta’minlashga erishildi. Neft va gaz kimyosi, neft-gaz mashinasozligi, avtomobilsozlik, qurilish materiallari sanoati, temir yo‘l mashinasozligi, maishiy elektronika, farmatsevtika, yuqori texnologiyalarga asoslangan oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoati kabi soha va tarmoqlarning izchil ravnaq topayotgani bu boradagi puxta siyosatning amaliy natijasidir.

– Prezidentimiz doim biz – yoshlarga murojaat etganlarida «Aziz farzandlarim, marrani baland olinglar. O‘qib-o‘rganish, kasb egallash, izlanishdan bir muddat ham to‘xtamang», deb ko‘p bora takrorlab, shu muqaddas zaminni obod etish, uni himoyalash barchamizning burchimiz ekanini uqtirar edi, – deydi ushbu institut talabasi Umid Majidov. – Yurtboshimiz kabi Vatanimizga sodiq, fidoyi, mard va jasur, qat’iyatli bo‘lish bizlarning chin farzandlik burchimizdir.

«Xotira darslari» mamlakatimizdagi barcha ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tdi. Yurtga fidoyilik, vatanparvarlik, odamiylik, ibrat saboqlariga aylangan ushbu darslarda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining porloq xotirasi barcha o‘g‘il-qizlarning yodida mangu saqlanib qolishi, ular Vatanimizni, mustaqilligimizni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashi, tinch va osoyishta kunlarning qadriga yetishi, yurtimizdagi hamjihatlik muhitini mustahkamlashi – bu barcha yurtdoshlarimiz kabi yoshlarning ham burchi ekani alohida ta’kidlandi.