Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha sohalardagi sheriklik yanada chuqurlashadi
22:53 / 2023-01-25

Davlatimiz rahbarining Qirg‘izistonga tashrifi oldidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari kengaytirilgan tarkibdagi delegatsiyalari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasidan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev,investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Qirg‘iz Respublikasidan Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Baxit Torobayev, shuningdek ikki davlat tegishli vazirlik, idoralari, tarmoq birlashmalari mas’ul rahbarlari qatnashdi.

Ikki tomonlama hamkorlikning bugungi kun tartibi, jarayonni kengaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishtirokchilar diqqat markazida turdi. Shu nuqtai nazardan barcha sohalardagi sheriklikni yanada chuqurlashtirishga kuchli turtki berishi kutilayotgan Prezidentimizning Qirg‘izistonga bo‘lajak davlat tashrifining muhim ahamiyati qayd etildi.

Shu o‘rinda aytish joiz, oliy darajadagi tashrif doirasida “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Yig‘ilishda mazkur tadbirga tayyorgarlik jarayoni atroflicha muhokama qilindi. Ushbu anjumanda ikki mamlakatning kimyo, to‘qimachilik, energetika, avtomobilsozlik sanoati, axborot texnologiyalari, qishloq xo‘jaligi, turizm va boshqa sohalarga ixtisoslashgan ishbilarmon doiralarining 200 dan ziyod yetakchi vakillari ishtiroki kutilmoqda. Forum doirasida yalpi majlis, alohida sessiyalar, shuningdek, B2B formatidagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkaziladi. Tadbirlar natijasi o‘laroq, 10 dan ortiq bitim, investitsiya shartnomasi imzolanishi rejalashtirilgan.

Muzokara chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobatdosh ustunligini ishga solish orqali sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishda muhim vositaga aylangan O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi faoliyati alohida muhokama qilinadi.

Ma’lumotga ko‘ra, mazkur jamg‘arma 2022 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki davlat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, ustuvor sohalardagi o‘zaro manfaatli investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali ikki tomonlama hamkorlik imkoniyatidan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan.

Tomonlar jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish, rejalashtirilgan loyiha va dasturlarni ijrosini jadallashtirish bo‘yicha aniq qo‘shma chora-tadbirlar belgilab oldilar.

Muloqot davomida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalasi, kimyo va to‘qimachilik sanoati, mashinasozlik, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirish istiqboli alohida ko‘rib chiqildi. Temir yo‘l va avtomobil yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishni nazarda tutgan holda transport-logistika sohasidagi sheriklikni rivojlantirish salohiyati tahlil qilindi. Energetika va qishloq xo‘jaligi sohalarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Bundan tashqari logistika, turizm, sport sohalarida infratuzilmani yaxshilash imkoniyati ham muhokama qilindi.

Muzokara yakunida muhokama qilingan barcha tashabbus va loyihalar bo‘yicha yaqin hamkorlikda ishlashni davom ettirishga kelishildi.

O‘zA