Zangori olovdan foydalanish borasida Namangan viloyati “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati “Hududgaz Namangan” filiali tomonidan tegishli hamkor va manfaatdor tashkilotlar bilan birgalikda aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Joriy yil boshidan hozirga qadar 26 ming 209 yerli xonadon, 5 ming 212 ko‘p qavatli uy, 129 o‘quv muassasasi hamda ko‘ngilochar maskanlarga borilib, kundalik turmushda gazdan xavfsiz foydalanish, is gazidan zaharlanishning oldini olish, gaz-havo aralashmasi, chaqnashining oldini olish borasida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.


– Iste’molchilarga favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishini oldini olishga qaratilgan 20 mingdan ortiq tasvirli qo‘llanmalar tarqatilib, maishiy gaz ballonlariga esa suyultirilgan gazdan foydalanish bo‘yicha eslatmalar yopishtirilmoqda, – deydi “Hududgaz Namangan” filiali direktori Ibrohimjon Mamajonov. – Bugungi kunda fuqarolarga ma’lumot yetkazishning tezkor usullaridan biri ijtimoiy tarmoqlardir, shundan kelib chiqqan holda Telegram tarmog‘ida har bir hududning alohida “Xavfsiz gaz” nomli 14 ta guruh ochilib, unda gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga rioya etishga qaratilgan ko‘rsatma va tavsiyalar, ogohlantirishlar orqali fuqarolarga ehtiyotkor, ziyrak va mas’uliyatli bo‘lish kerakligi tushuntirilmoqda.

Albatta, har bir sohada o‘z kasbiga mas’uliyat ila, hushyorlik bilan yondashish vujudga kelishi mumkin bo‘lgan har qanday xavfning oldini oladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri.