Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha sharoitlarga ega yangi sud ekspertiza bo‘limi ish boshladi
15:18 / 2025-12-04

Termiz shahrida Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limi yangi binosining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Bosh qomusimiz qabul qilinganining 33 yillik bayrami arafasida tashkil etilgan tadbirda viloyatda shu paytgacha bo‘lmagan odam DNKsi sud biologik ekspertizasi hamda materiallar, ashyolar va buyumlar kriminalistik ekspertizasi laboratoriyalari foydalanishga topshirildi.

Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari A.Amirov, Adliya vaziri o‘rinbosari M.Allaquliyev, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi direktori A.Halilov va boshqalar ishtirokchilarni Konstitutsiyamizning 33 yillik bayrami bilan muborakbod etib, keyingi yillarda mamlakatimizda sud-huquq sohasini takomillashtirishga qaratilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritdi. Bu jarayonda sud ekspertiza ham zamon talablariga mos rivojlanib, jinoyatchilikka qarshi kurashib, barvaqt aniqlash, uning oldini olish, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoyalashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.  

Prezidentimizning joriy yil 8 sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim omil bo‘lmoqda. Qaror bilan sud-ekspertlik sohasini rivojlantirib, yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan dastur qabul qilinib, tizimni raqamlashtirish, davlat sud ekspertiza muassasalarining moddiy-texnik bazasini yangi zamonaviy uskuna va jihozlar bilan ta’minlash vazifasi belgilab olindi. Qaror ijrosi doirasida hududlarda o‘tkaziladigan ekspertiza turlari 35 tadan 50 tagacha oshirilib, 86 ta laboratoriya zamonaviy uskuna bilan jihozlanadi. 15 ta yangi laboratoriya tashkil etiladi. 25 ta yangi ekspertiza turlari joriy qilinib, 20 ta laboratoriya xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkaziladi. Tadqiqotlarni o‘tkazish muddat 8-15 kunga qisqartirilib, yiliga 50 nafar ekspert xorijda malaka oshiradi. Yagona uslubiyotlar reyestri va amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.  

Termiz shahrida qad rostlagan zamonaviy yangi binoda ham nafaqat davlat sud ekspertlari, balki fuqarolar, sud va tergov organlari xodimlari uchun barcha qulaylik yaratilgan. Jumladan, bo‘limda tashkil etilgan vohadagi tamomila yangi odam DNKsi laboratoriyasida biologik otaliqni belgilash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkaziladi. Biologik qarindoshlik ehtimollik darajasini aniqlash va sport genetikasi bo‘yicha ham tadqiqotlar olib boriladi. Shuningdek, jinoyatlarni tezkor fosh etish uchun voqea joyida qoldirilgan biologik izlardan ular egasining genetik profili aniqlanadi. Ximiya laboratoriyasida lak-bo‘yoq materiallari va qoplamalarining, neft mahsulotlari va yoqilg‘i-moylash materiallari ekspertizalari o‘tkaziladi. Kelgusida bosqichma-bosqich boshqa ekspertiza turlari ham joriy etiladi.

– Yangi binoda viloyatda shu paytgacha mavjud bo‘lmagan yangi sud-yong‘in texnikaviy, sud-elektrotexnikaviy va xatshunoslik, hujjatlar-texnik ekspertizalari ham yo‘lga qo‘yilib, katta qulaylik yaratildi, – deydi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Surxondaryo viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i Mirsohib Qo‘ng‘iratov. – Endilikda o‘tkazadigan ekspertiza turlarimiz 17 tadan 23 taga, tadqiqot turlari 19 tadan 39 taga oshirildi.  

Mutaxassislarning aytishicha, shu paytgacha viloyatda sodir bo‘lgan aksariyat holatlarni ekspertizadan o‘tkazib, aniqlash poytaxtda amalga oshirilgan bo‘lsa, endi bu ishlarni viloyatning o‘zida bajarish, fuqarolarning buzilgan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilikni yanada tezkorlik bilan fosh etishga qulay imkoniyat yaratdi. Ortiqcha ovoragarchiliklarga chek qo‘ydi.

Marosim qatnashchilari bo‘limda yaratilgan sharoitlar, zamonaviy uskuna va jihozlar bilan tanishdi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.  

[gallery-26553]

Shu kuni Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasida davlatimiz rahbarining joriy yil 8 sentyabrdagi “Sud-ekspertlik faoliyatini yanada takomillashtirish va sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini tushuntirishga hamda “Sud ekspertizalarini o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan tadqiqot ob’ektlarini yig‘ish, saqlash va taqdim etish usullari” mavzuiga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.  

Adliya boshqarmasi, davlat sud-ekspertiza muassasalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning xodimlari, viloyat davlat hokimiyati boshqaruvi vakillari, soha faxriylari, OAV xodimlari qatnashgan tadbirda mavzular yuzasidan qiziqarli ma’ruzalar tinglandi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berildi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, Jonibek Qo‘zimurodov (foto), O‘zA muxbirlari