Tinch va xotirjam yashash bugungi notinch dunyoda tobora dolzarblashib bormoqda. Faqat buni xotirjam yashayotgan odamlargina chuqur his qilmaydi. Har tong uyg‘onib, o‘z yumushlarimiz bilan mashg‘ul bo‘lar ekanmiz, buni tabiiy hol, deb qabul qilamiz.
Vaholanki, osoyishtalik zamirida katta mehnat mujassam. Maxsus xizmatlar xodimlarining tunni tongga ulab olib borayotgan ishlari tufayli ko‘chalarimizga yomon niyatli kimsalar oralay olmaydi, tinchimizni birov behuda buzmaydi.
Albatta, xavfsizlikni, xotirjamlikni ta’minlash davlatning zimmasidagi vazifa. Ushbu maqsad yo‘lida amalga oshirilgan ishlar natijasida O‘zbekiston xavfsiz mamlakatlardan qatoridan joy olgan.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 noyabr kuni e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasi jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni esa xalqimiz osoyishtaligini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Mazkur farmon bilan Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi tasdiqlandi.
Konsepsiya milliy xavfsizlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblangan respublikamizda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat siyosatini belgilovchi muhim hujjat sifatida namoyon bo‘ldi.
Hujjat asosida huquq-tartibot va boshqa mas’ul idoralarning faoliyati “Barcha sa’y-harakatlarimiz inson qadri uchun”, degan ustuvor g‘oya asosida yanada kuchaytiriladi.
Bunda jamiyatda ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni ta’minlash, aholining huquqiy ongi va siyosiy-huquqiy madaniyatini, ijtimoiy faolligi, fuqarolik mas’uliyatini oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvi tizimini mustahkamlash milliy manfaatlar sifatida namoyon bo‘ladi.
Davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish, mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining faolligini oshirish, jamiyatda millatlararo va dinlararo munosabatlar, diniy bag‘rikenglik madaniyati, do‘stlik, o‘zaro hamkorlik va gumanizmni har tomonlama mustahkamlash kabi ustuvor maqsadlar ham milliy manfaatlarimiz uzviy davomi sifatida amalga oshiriladi.
Konsepsiya ilg‘or xorijiy va milliy tajribalarni inobatga olgan holda tayyorlangan hamda jamoat xavfsizligi sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va uni amalga oshirish mexanizmlari, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi o‘nta idoraning aniq vazifalari belgilandi.
Ilk marotaba mazkur yo‘nalishda huquq-tartibot idoralari bilan bir qatorda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Sog‘liqni saqlash vazirliklari va mahalliy hokimliklar mas’uliyati ham belgilandi.
Farmon asosida 2022-2025 yillarda O‘zbekistonda jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimini rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Strategiya mamlakatda jamoat xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish bo‘yicha huquqiy, uslubiy, ilmiy, tashkiliy choralarni ishlab chiqish va samarali amalga oshirishni o‘z ichiga olgan.
Strategiyada istiqbolli 6 yo‘nalish bo‘yicha 96 ta sohaviy tadbir, uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da esa 30 ta aniq choralar nazarda tutilgan.
Choralar jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, yo‘l harakati va yong‘in xavfsizligini ta’minlash, sohani raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash va mahallabay ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan.
Strategiyada belgilangan chora-tadbirlarning samarali bajarilishini tashkil etish uchun ichki ishlar vaziri shaxsan mas’ul hisoblanadi.
Ichki ishlar vazirligi Jamoat xavfsizligi departamenti esa Strategiyada belgilangan vazifalarning sifatli ijro etilishini ta’minlash maqsadida Milliy gvardiya va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda har yili qo‘shma dastur va “Yo‘l xarita”larini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi va ularning ijrosini muvofiqlashtiradi.
Strategiya jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha uslubiy asos bo‘lib xizmat qiladi.
Unda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida fuqarolarning huquqlari va erkinliklarining qonunga xilof tajovuzlardan himoyalanganlik holati sifat jihatidan yuqori darajaga ko‘tariladi.
Ichki ishlar vazirligida tashkil etilgan Jamoat xavfsizligi departamentining alohida o‘rni belgilab berildi.
Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- ichki ishlar organlari jamoat xavfsizligi bo‘linmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, kompleks tahlil qilish hamda ularga amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish;
- jamoat tartibini saqlash faoliyatini tashkil etish, jamoat joylarida aholining xavfsizligini ta’minlashda ichki ishlar organlari kuch va vositalarini samarali boshqarish choralarini ko‘rish;
- ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi borasidagi faoliyatini ta’minlash, profilaktik hisob va ma’muriy nazoratdagi shaxslarni ijtimoiy moslashtirish ishlarini tashkil etish;
- voyaga yetmaganlar va yoshlar, ayniqsa ularning uyushmagan qismi bilan manzilli tarbiyaviy va profilaktik chora-tadbirlarni samarali tashkil etish orqali ular orasida huquqbuzarliklarning oldini olish;
- yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash faoliyatini tashkil
etish, yo‘l-transport hodisalarining barvaqt oldini olish, transport vositasini boshqarishga doir cheklovlarga rioya etilishini nazorat qilish;
- ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolarni ijro etishni ta’minlash, probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini nazorat qilish, ijtimoiy moslashtirish va qayta jinoyat sodir etilishining oldini olish ishlarini tashkil etish.
Departament va uning hududiy bo‘linmalari tarkibiga jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yo‘l harakati xavfsizligi va probatsiya xizmatlari kiritiladi.
Jamoat tartibini ommaviy buzish holatlarida vakolatli idoralarning faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish vazifasi aynan Departament zimmasiga yuklatiladi. Uning qoshida yagona idoralararo boshqaruv shtabi tashkil etiladi.
Farmon bilan profilaktika inspektorlarining vazifalari takomillashtirilmoqda. Profilaktika inspektorlari ortiqcha va keraksiz yuklamalardan ozod qilinib, ularning vazifalari 128 tadan 22 taga maqbullashtirilgan holda qat’iy ro‘yxat sifatida tasdiqlandi.
Profilaktika inspektorlarini ularning vazifa va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarga jalb qilish hamda faoliyatiga asossiz aralashish taqiqlanadi.
Endi profilaktika va probatsiya inspektorlari, patrul-post va yo‘l-patrul xizmati xodimlarining faoliyatini baholashda samaradorlik indikatorlarini o‘z ichiga oluvchi reyting tizimi joriy etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, farmon asosida joriy etilayotgan yangi tartib va tamoyillar xalqimizning tinch va xotirjam hayot kechirishi, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash va yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA