Yurtboshimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasini barchamiz oynai-jahon orqali ko‘rib, matbuot sahifalarida qayta-qayta o‘qimoqdamiz.
Unda bu yilda qilingan ishlar sarhisob etilib, kelgusi yilda mamlakatimizni tenglar ichra teng bo‘lib rivojlanishi borasida qilinishi zarur bo‘lgan ishlar alohida e’tirof etildi. Shuningdek, muayyan sohaning yanada taraqqiy etishi inobatga olinib, yilga nom berildi.
Prezidentimiz 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”, deb nom berishni taklif etdilar. Albatta, bu taklif yurtdoshlarimiz tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olindi. Yilga bunday nom berilishi xalqimizning hayoti yanada farovon va mazmunli bo‘lishi, jahon ilm-ma’rifatiga munosib hissa qo‘shgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Ahmad-al Farg‘oniy kabi buyuk ulamolar yetishib chiqqan diyorimizda hali ularning davomchilari ham kamol topishi uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etilishiga, inson qadrini ulug‘lash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilishiga ishoradir, deb bilaman.
Ha, ilm yo‘q joyda qoloqlik, jaholat va albatta, to‘g‘ri yo‘ldan adashish bo‘ladi. Sharq donishmandlari aytganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”. Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir.
Zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanmoqda. Prezidentimiz inson hayotida ilm-ma’rifat, ma’naviyat beqiyos ahamiyat kasb etishini, qolaversa, jannatmakon Vatanimizni rivojlangan mamlakatga aylantirishdek ulug‘ maqsadimizga xalqimizning ilm-ma’rifati, ma’naviyatini yanada yuksaltirish hamda barcha sohalarda jadal islohotlarni amalga oshirish orqali erishish mumkinligini e’tirof etdilar.
O‘zbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilangan. Inson qadrini ulug‘lash – yurtimizda yashayotgan har bir odamning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini ta’minlash demakdir.
So‘nggi yillarda yurtimizda inson kapitaliga yuksak e’tibor qaratilayotgani tarixiy ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, inson kapitali, bu – insonning o‘ziga va mamlakatiga, xalqiga foyda keltirishga tayyorligi darajasidir.
Shuningdek, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ham inson omiliga – tarbiya, ta’lim, bilim, sog‘liqni saqlash va hayotini farovon qilishga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar hajmi ortayotgani yanada quvonarlidir.
Mamlakatimizning porloq kelajagi, ravnaqi va barqarorligi, dunyo mamlakatlari ichida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi so‘zsiz innovatsion bilimlarni egallagan, boshqacha aytganda, inson kapitali sohibi bo‘lgan bugungi yoshlar qo‘lida. Shu sababli Prezidentimiz tomonidan yoshlar tarbiyasida eng muhim qadamlar tashlanmoqda. Bu, albatta, yaqin kelajakda o‘z samarasini ko‘rsatajak!
Abror Otaboyev,
“O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni sohibi
O‘zA