Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha islohotlar yoshlar kelajagi uchun
18:03 / 2023-02-10

Prezidentimizning Farg‘ona vodiysi, jumladan, Namangan viloyatiga amalga oshirgan tashrifi xalqimiz hayotida tom ma’noda yangi sahifalar ochdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tadbirkorlar va viloyat faollari bilan uchrashuvdan so‘ng Namangan shahrining Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” axborot-kutubxonasiga borgan davlatimiz rahbariga dastavval, faxrli a’zolik “ID” kartasi hamda viloyat kitobxonlari nomidan Li Kuan Yuning Singapur tarixiga bag‘ishlangan “Uchinchi dunyodan birinchi dunyoga” kitobi taqdim etildi.  

Aholi, ayniqsa, yosh avlodni kutubxonalarga yanada ko‘proq jalb etish, kitobxonlikni rivojlantirish uchun qanday ishlarni amalga oshirish kerakligi xususida takliflar so‘ragan Prezidentimizga nafaqat markazlarda, balki chekka-chekka hududlarda, maktablar qoshida “Yoshlar ziyo maskani”dek kitobxonlarni bir joyga ilm yo‘lida to‘playdigan majmualarni barpo etilishi ko‘pchilikning orzusi ekanini, biz faoliyatimizni boshlagan ilk kunlardan boshlab bu borada keng jamoatchilikdan ko‘plab takliflar, fikrlar bo‘lganini aytdik.  

Yaxshi niyatda, ilm uchun bildirilgan takliflar mazkur tashrif orqali amalga oshishi yanada jadal tus oladigan bo‘ldi. Quvonishga arziydigan jihat esa Yurtboshimiz bunday ziyo maskanlarini ta’limning barcha bosqichlari bilan bog‘lash lozimligini, xususan, maktabdan tortib, kollej, oliy ta’lim muassasalarida ham bir-birini uzviy bog‘laydigan muassasa atrofida yigit va qizlarni san’at, madaniyat, ilm-fan bilan qamrab oladigan majmuaviy xarakterga ega bo‘lgan maskanlarni yaratish topshirig‘ini berdi.  

Tashrif davomida “Yoshlar ziyo maskani” da chet tillarini bepul o‘rganish imkonini beruvchi “Ibrat farzandlari” loyihasining taqdimoti va Namangan viloyati yoshlari bilan ko‘tarinki kayfiyatda bo‘lgan uchrashuvda jamiyatda faol, bugungi islohotlarga o‘zini daxldor biladigan yoshlarning tashabbuslari hamisha rag‘batlantirilishi, yurtimizdagi barcha yoshlar haqida birdek qayg‘urib, ular uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish, berayotgan takliflarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berayotgan davlat rahbarining ertamiz egalarining fikrlarini tinglab, “O‘zbekistondagi har bir yosh, yaxshisi ham, yomoni ham, bilimi bor, yo‘g‘i ham mening farzandlarim, ular uchun hamma sharoitni qilib berishimiz kerak, toki yoshlar o‘z qiziqishlarini atrofdan izlamasin, iqtidori va salohiyatini mana shunday maskanlarda kamol toptirsin”, deya ta’kidladi.  

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq tashabbuslar, berilgan ko‘rsatmalar “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi dasturida belgilangan g‘oyalarga ham hamohangligi diqqatga sazovor. Partiyamiz faollari ham o‘z g‘oyalaridan kelib chiqqan holda, tashrif davomida qayd etilgan muhim vazifalar ijrosiga alohida e’tibor qaratadi hamda bu asosda alohida chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda joylarda targ‘ibot ishlarini olib boradi.  

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu, yagona to‘g‘ri yo‘li – ta’lim sifatini oshirishda har bir hududda, markazlardan tortib, chekka qishloqlar, maktablar qoshida zamonaviy yoshlar ziyo maskanlarini tashkil etishga qaratilayotgan e’tibor ertaga albatta, o‘z mevasini beradi.  

Dilnoza Azizova,  

Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar ziyo maskani” 

axborot-kutubxonasi rahbari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi  

Namangan viloyati Kengashi raisi  

O‘zA