“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali negizida tashkil etilgan loyihalashtirish bo‘limi tomonidan 2021 yilda ijtimoiy soha va tadbirkorlikni rivojlantirish ob’ektlari uchun 449 ta gazlashtirish loyihalari amalga oshirildi. Yerli xonadonlarni gazlashtirish bo‘yicha 1158 ta loyiha-smeta hujjatlar ishlab chiqilgan.
2022 yilning ayni vaqtiga qadar esa bo‘lim tomonidan gazlashtirish bo‘yicha tayyorlangan loyiha hujjatlar soni 294 taga yetdi.

Xususan, aholi xonadonlarini gazlashtirishga 201 ta, ulgurji iste’molchilar uchun 93 ta loyiha-smeta hujjatlari tayyorlandi.
– Viloyatdagi gaz quvurlarini mukammal va joriy ta’mirlash, muhofaza zonasida qurilgan obe’ktlardan o‘tgan yer osti gaz quvurlarini xavfsiz joyga, ya’ni yer ustiga ko‘chirish uchun montaj ishlari ushbu bo‘lim tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar asosida olib borilmoqda, – deydi loyihalashtirish bo‘limi boshlig‘i Lutfulla Abdullayev.
– Shuningdek, viloyat hududidagi Davlat dasturiga kiritilgan G‘ozg‘on shahridagi “Kichik sanoat zonasi”, Karmana va Qiziltepa tumanlaridagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarini gazlashtirish bo‘yicha ham loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqildi. Hozirda bunday hujjatlarni ishlab chiqishda tabiiy gazni boshqarish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUG)ga mosligi va energiya tejamkor gaz jihozlarining o‘rnatilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Boisi, bu “zangori” yoqilg‘ini iqtisod qilish va undan xavfsiz foydalanishda muhim ahamiyatga ega.

Albatta, so‘nggi yillarda gaz ta’minoti sohasida tub o‘zgarishlar ro‘y berib, tizimga raqamli iqtisodiyotning kirib kelishi ish unumdorligi va samaradorligini oshirdi.
Prezidentimizning 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishda muhim dasturulamal bo‘lmoqda. Natijada zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali tabiiy gazni hisobga olish tizimini takomillashtirish, yo‘qotishlarni bartaraf etish, shuningdek, iste’mol qilingan tabiiy gaz uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash imkonini berdi.
Navoiy viloyatida dastlab iste’molchilar soni ko‘p, debitor qarzdorlik yuqori bo‘lgan Karmana, Qiziltepa tumanlarida “aqlli” hisoblagich o‘rnatish ishlari boshlangan bo‘lsa, keyinchalik Navoiy va Zarafshon shahridan tashqari barcha hududlarda qaror ijrosi to‘liq ta’minlandi. Ya’ni, viloyatda 110 mingta hisoblagich o‘rnatildi.

– Zamonaviy hisoblagichdan foydalanayotganlarning asosiy qismi tabiiy gaz iste’molchilari nisbatan ko‘p bo‘lgan Karmana, Qiziltepa, Xatirchi tumanlari va Navoiy shahriga to‘g‘ri keladi, – deydi “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali axborot xizmati rahbari Zebo Qutliyeva. – Hisoblagichlarni o‘rnatishda iste’molchi xonadonidagi gaz jihozlarining soni inobatga olinadi. Jumladan, hovli turar-joylarida G-6, ko‘p qavatli uylardagi xonadonlarga G-1,6 va G-2,5 hajmdagi hisobdonlar o‘rnatilmoqda. Ushbu o‘rnatilgan hisoblagichlar haqidagi ma’lumotlar maxsus bazaga kiritib borilmoqda. Agar iste’molchi xonadonidagi gaz hisoblash uskunasiga tashqi ta’sir yetkazsa, holat baza orqali ma’lum bo‘ladi. Bu borada iste’molchilar tegishli tartibda ogohlantirilgan.
Aslida, bu islohot turli ovoragarchiliklarning oldini olish, tizimda inson omilini kamaytirish, shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa iste’molchilarda to‘lov madaniyatini oshirish, tabiiy gazni iqtisod qilish, noqonuniy gaz sarfining oldini olish, xavfsizlikni ta’minlashdir.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA.