English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha imtiyozlar yoshlarning kelajagi uchun
18:44 / 2025-06-04

Har bir mamlakatning ertangi kuni, jamiyatda o‘zgarishlarga sabab bo‘ladigan salohiyatli resursi va bunyodkorlik g‘oyalarini hayotga tatbiq etuvchi eng asosiy kuchi – bu serg‘ayrat, shijoatli, ko‘zlangan maqsadlari sari olg‘a intiluvchi yoshlar hisoblanadi.

Mamlakatimizda ham aholining 60 foizini yoshlar tashkil etadi.  Ularni qo‘llab-quvvatlash, zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratib berish davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Xususan, bir necha yildan buyon davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan mamlakatimiz sarhadlarini qo‘riqlash ishiga munosib hissa qo‘shgan, jangovar xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishgan, Vatanga sadoqatli, harbiy mahoratni mukammal egallagan, yuqori intizomli harbiy xizmatchilarning farzandlariga 5 foizli kvota doirasida Respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlari uchun imtiyozli tavsiyanomalar berib kelinayotgani ham har jihatdan yetuk, bilimli va zukko yoshlarni kamolga yetkazishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari qo‘mondonligida imtiyozli tavsiyanomalarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda sarhadlarimiz posbonlari, ularning oila a’zolari va Chegara qo‘shinlari mas’ullari ishtirok etdi.

[gallery-23767]

Dastlab, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga harbiylikning bor mas’uliyati va sharafini yanada teranroq anglashlariga bag‘ishlangan videorolik va  kliplar namoyish etildi. Tadbirning asosiy qismida o‘tgan yillar davomida harbiy xizmatchilarning 1 ming 300 nafardan ziyod farzandlariga imtiyozli tavsiyanomalar berilgani ta’kidlandi. Bu mustaqil hayotga qadam qo‘yish ostonasida turgan yoshlarga yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning yorqin va porloq kelajaklari uchun berilgan yo‘llanma ekani qayd etildi.

– Albatta, o‘z farzandining kamolini ko‘rish har bir ota-ona orzusi. Bugun mening qizim Aslzoda ham tavsiyanoma olish baxtiga muyassar bo‘ldi. Bundan juda ham baxtiyorman. Qizim qatorida imtiyozga ega bo‘layotgan barcha farzandlarimizga bunday imkoniyatdan unumli foydalanib, o‘z ota-onalariga munosib izdosh bo‘lishlarini, o‘qish va izlanishdan aslo tolmasliklarini, kelgusida Yangi O‘zbekistonimizning gullab-yashnashi yo‘lida tinmay mehnat qiladigan, mamlakatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan avlod bo‘lib yetishishlarini tilab qolaman, – deydi podpolkovnik Nilufar Ibragimova.

Tadbir davomida topshirilayotgan imtiyozli tavsiyanomalar yoshlarga o‘zlari tanlagan ixtisoslik bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishlarida qanot bo‘lib xizmat qilishi va kelgusida bunday baxtga erishuvchi o‘g‘il-qizlar soni yanada ortishiga tilak bildirildi. Tavsiyanomalar tantanali tarzda o‘z sohiblariga topshirildi.

Shuningdek, tadbirga MDH Chegara qo‘shinlari qo‘mondonlari Kengashi tomonidan a’zo davlatlar harbiy xizmatchilarining farzandlari o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro bolalar rasmlari ko‘rik-tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 5 nafar o‘g‘il-qizlar ham taklif etildi. Ularning iste’dodi va xalqaro tanlovda erishgan natijalari e’tirof etildi.

 Chegara qo‘shinlari ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etilgan yurtga sadoqat, insoniylik va mehr-oqibatni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar  tadbirga xush kayfiyat ulashdi. Bu kabi tadbirlar Respublikamiz bo‘ylab DXX Chegara qo‘shinlariga qarashli harbiy qism va bo‘linmalarda ham tantanali tarzda tashkil etildi.

Mayor Farida Bobojonova

DXX Chegara qo‘shinlari