AOKAda “O‘zsuvta’minot” AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov ishtirokida brifing tashkil etildi.
So‘nggi yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlashga doir dasturlar, kiritilgan investitsiyalar natijasida toza ichimlik suvini yetkazib berish hajmi yildan-yilga oshib bormoqda.
Mutaxassisga ko‘ra, 2017-2023 yillar mobaynida jami 5 ming 870 ta ob’ektda qurilish ishlari olib borilib, salkam 32 ming km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan va rekonstruksiya qilingan. Sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida 215 ta yangi maxsus texnika vositalari xarid qilingan.
Ushbu ishlar natijasida 11,8 million nafar aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, 6,6 million nafar aholi ilk bor markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 2030 yilga kelib markazlashgan ichimlik suv bilan ta’minlanganlik darajasini 90 foizga yetkazish maqsadida 2023-2030 yillarda respublika bo‘yicha 50 ming km.dan ortiq ichimlik suvi tarmoqlari hamda 2 mingta inshoot qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.
Markazlashgan tizim orqali aholiga uzluksiz va sifatli ichimlik suvi yetkazib berish birmuncha mashaqqat, mehnat va xarajatni talab etadi. Ichimlik va oqova suv tariflari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtiriladi va monopoliyaga qarshi kurashish hamda moliya organlari xulosalari asosida hududiy xalq deputatlari kengashlari tomonidan belgilanadi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish lozimki, 1 metr kub ichimlik suv tarif xarajatlarida elektr energiya xarajatlari 27 foizni, mukammal va joriy ta’mirlash xarajatlari 19 foizni, xorijiy moliya tashkilotlarining jalb etilgan kreditlarini qaytarish xarajatlari 21 foizni, ish haqi xarajatlari 29 foizni, amortizatsiya va boshqa xarajatlar 4 foizni tashkil etadi.
Respublikada 1 metr/kub ichimlik suvi, ya’ni 1000 litr suv uchun o‘rtacha tarif aholi iste’molchilari 1 ming 384 so‘m, byudjet tashkilotlari uchun 2 ming 851 so‘m va boshqa ulgurji iste’mochilarga 3 ming 187 so‘m, 1 metr/kub kanalizatsiya xizmatlari bo‘yicha o‘rtacha tarif aholi iste’molchilariga 888 so‘m, byudjet tashkilotlariga 1 ming 669 so‘m va boshqa ulgurji iste’molchilarga 2 ming1 so‘mni tashkil qiladi.
Respublika bo‘yicha eng arzon 1 metr/kub tarif qiymati Toshkent shahrida 400 so‘m, eng qimmat tarif qiymati Navoiy viloyatida 3 000 so‘mni tashkil etadi. Ichimlik suvini yetkazib berish xarajatlari farqlanishi hisobiga, tariflar har bir viloyat hududlarida har xil shakllantirilgan.
Bugungi kunga qadar Qashqadaryo aholisi uchun 1 m3 ichimlik suvi tariflari 2 000 so‘mga, Surxondaryoda 2 ming 140 so‘mga, Toshkent viloyatida 1 ming 700 so‘mga, Andijonda 1 ming 500 so‘mga o‘zgardi.
Barcha viloyatlarda aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda oqova suv xizmatlari darajasini oshirish rejalashtirilgan. Buning uchun ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlari, inshootlar barpo etilishi zarur.
Bundan tashqari, ish haqi, elektr-energiya, soliq to‘lovlari, xorijiy kreditlar to‘lovini amalga oshirish belgilangan bo‘lib, joriy va kapital ta’mirlash, tizimni modernizatsiya qilish ishlarida ham sarf-xarajatlar talab etiladi. Shundan kelib chiqib, respublikaning barcha hududlarida ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun bosqichma-bosqich yangi tariflarga o‘tilishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA