“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasida “inson – jamiyat – davlat”, “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillar qoida sifatida kiritilgan.
Buning mohiyati nimalardan iborat?
— Bu tamoyillar inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti professori Firuza Muhitdinova. – E’tibor bersak, yangi normalarda inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar bir necha marta ortgan. Bu esa Asosiy qonuning yanada xalqchil bo‘lishini ta’minlagan. Insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi ham xalq manfaatini ifoda etishga qaratilgan.
Barcha fuqarolar manfaatini ko‘zlagan qoida sifatida qonunda nazarda tutilgan pensiyalar, nafaqalar va boshqa ijtimoiy yordamning miqdori rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lishi mumkin emasligi aniq ko‘rsatilgan. Fuqarolar tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini davlat hisobidan bepul olishga haqli ekani qat’iy o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha normalar ham bor. Jumladan, davlatning fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘rishga oid vazifalarini nazarda tutuvchi yangi modda kiritilgan.
Bundan tashqari, davlat fuqarolar bandligini ta’minlash uchun ularning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etishi va rag‘batlantirishi nazarda tutilmoqda.
Eng qiyin, muammoli holatlarning yechimi ham konstitutsiyaviy kafolat bilan himoya qilinayotgani qomusning xalqchilligini oshirdi. Fuqarolarning uy-joyli bo‘lish huquqi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanayotgani buning yana bir yorqin dalili. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantirishi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishiga shart-sharoit yaratadi. Ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarni uy-joy bilan ta’minlashning qonuniy asoslari ham yaratilmoqda.
Eng muhimi, Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga nomuvofiq holda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi aniq ravshan mustahkamlanmoqda. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanadi.
Mazkur normaning Konstitutsiyaga kiritilishi bir necha yillardan buyon jamiyatimizda o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq muammoga nisbatan xalqparvar, mulkdorlar manfaatini himoya qiluvchi oqilona yechim bo‘lishi shubhasiz.
Mana shu normalar inson manfaatlari ustuvorligi, barcha fuqarolarni himoya qiladigan ijtimoiy davlat asoslari mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.
N.Abduraimova, O‘zA