Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Barcha bolalar uchun universal nafaqalar berilishi kerak
16:04 / 2020-12-24

Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tezkor e’tiborni talab qiladigan soha.

 Ularni imtiyozlar bilan qamrab olishni kengaytirish bolalarning ovqatlanishi va rivojlanishi, ularning o‘qishdagi muvaffaqiyatlarini yaxshilashga zamin yaratadi. Bu esa bola manfaatlarini himoya qilish, ularning huquqlarini yanada rag‘batlantirish borasida yutuqlarga erishishga imkon beradi.

YUNISEF ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tayyorlangan tahlilda keltirilishicha, O‘zbekistonning ijtimoiy himoyaga kiritadigan investitsiyalari nisbatan past darajada bo‘lib, YAIMning 6 foizini tashkil qiladi. O‘zbekistondagi bolalarning ko‘pchiligi, ya’ni 54 foizi biror ijtimoiy nafaqa oladigan oilalarda istiqomat qiladi. Shunday bo‘lsada, kam ta’minlangan oilalarning yarmidan ko‘pi, ya’ni 52 foizi milliy ijtimoiy himoya tizimi tomonidan hech qanday ko‘mak bilan qamrab olinmagan va vaqt o‘tishi bilan turli nafaqalarning qamrovi qisqardi.  

bugungi kunda 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarning atigi 17 foizigina, bola uchun mo‘ljallangan uch turdagi nafaqa (bolani parvarishlash bo‘yicha nafaqa, oilaviy nafaqa va nogironlik nafaqasi) olayotgan oilalarda yashaydi. Bundan tashqari, bolalari bor oilalarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan bolalar nafaqalarining uch turi bilan qamrab olish darajasi muntazam pasayib borayotgani kuzatilmoqda.  

Masalan, 2 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun nafaqa oluvchilar soni 2009 yildan boshlab 60 foizga kamaydi va 2 yoshdan 14 yoshgacha bolalari bor bo‘lgan oilalarga to‘lanadigan nafaqalar vaqt o‘tib qisqardi va endilikda atigi 10 foizgina bolalarni qamrab olmoqda. Bolali oilalar ham bugungi kunda aholining eng kambag‘al qatlamlariga mansub bo‘lib qolgan.

Shu bilan birga, imkoniyati cheklangan bolalarning 48 foiziga nogironlik nafaqasi berilmayapti. Bolalarga nogironligi bo‘yicha nafaqa to‘lash uchun ajratilgan byudjet past darajada bo‘lib, YAIMning atigi 0,21 foizini tashkil qilgan. Shuningdek, turli yoshdagilar guruhlari orasida ham ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olinganlikda nomutanosiblik mavjud. Masalan, 15-17 yoshli bolalar aksariyati ijtimoiy nafaqalar dasturlari bilan qamrab olinmagan. Bolalar kambag‘alligi darajasi umuman aholi kambag‘alligi darajasidan yuqoridir.

Ijtimoiy himoya tizimidagi hal etilishi zarur bo‘lgan asosiy masalalarga e’tibor qaratish lozim.

Nafaqa olish uchun ariza berish taomillarining murakkabligi, nafaqalarni to‘lash davri keraklicha moslashtirilmagani hamda ijtimoiy ta’minot va ijtimoiy xizmatlarni taqdim etish tizimining parchalangani sababli ijtimoiy himoya tizimining samaradorligi yetarli darajada emas.

Nafaqa olish huquqi to‘g‘risidagi bilimlar yetishmasligi, talabnoma uzatishning murakkab taomillari, ko‘rsatiladigan yordamning keraklicha davomli emasligi, fuqarolarning ijtimoiy ta’minot bo‘yicha nafaqalar olishga murojaat qilmasliklariga olib kelmoqda.

Shuningdek, yordamga muhtoj bolali oilalarga nafaqa olishga oid huquqlari to‘g‘risida axborot beradigan yoki talabnoma uzatish uchun kerakli hujjatlarni tayyorlashda yordam beradigan professional ijtimoiy xizmatlar yoki ijtimoiy xodimlar yo‘q. Ushbu omillar aholi ijtimoiy ta’minot tizimi bilan past darajada qamrab olinishiga sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, bolada nogironlik aniqlangan sharti bilangina bolaga nogironlik bo‘yicha nafaqaga ega bo‘lish huquqi taqdim etiladi va bu to‘g‘risidagi xulosa tibbiy ko‘rikdan o‘tgandan keyingina beriladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayoni ko‘pincha kasalxonaga yotish va tegishli mablag‘ sarflashni talab qiladi va aynan shuning uchun ko‘pgina kam daromadli oilalarning bu jarayondan o‘tishga imkoniyati yetarli emas. Nogironlikni aniqlash jarayoni faoliyat yuritish, hayotiy faoliyatni cheklash va salomatlik bo‘yicha xalqaro tasniflashga mos emas va shu asnoda funksional cheklovlari mavjud bo‘lgan ko‘p sonli odamlarning faqat bir qismidagina nogironlik e’tirof etiladi.

Bolalar huquqlarini amalga oshirishda yanada sezilarli taraqqiyotga erishish uchun eng muhtoj bolalar ahvolini tahlil qilish va bunday muhtojlik ko‘p tarqalgan sohalarda tengsizlikni qisqartirishga qaratilgan milliy siyosat va rejalarni ishlab chiqish zarur. Shuningdek, mavjud sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy himoya va bolalarni himoya qilish tizimlarining faoliyat yuritish negizida mujassamlashgan ayrim tarkibiy to‘siqlarni o‘rganish va bartaraf etish hamda bolalar hayotiga ta’sir qiluvchi qarorlar qabul qilinishida bolalarning o‘zi ishtirok etishi mexanizmlari va jarayonlarini belgilash shart.

Bola nafaqalari ota-onalarga yordam beradi, bolalarning asosiy ehtiyojlari, masalan, oziq-ovqat va o‘quv qurollarini qoplash va kelajakka ishonch bilan qarashga yordam beradi. Bolalar uchun nafaqalarni faqat muhtoj oilalarga tayinlash bo‘yicha maqsadli yondashuv ko‘pincha mahallalarda keskinlikni keltirib chiqaradi. Mahallalarda odatda mablag‘ yetishmasligi sababli barcha muhtoj oilalarga nafaqa bera olmaydilar.

Shuningdek, hech kimga sir emaski, ko‘pincha bolalar savdosi qurbonlari moddiy ahvoli og‘ir, yetim bolalar, kambag‘al, ko‘p bolali oilalarning farzandlaridir. Bular ota-onalar (ota-ona, ota-onasini o‘rnini bosuvchi boshqa shaxs) bolani boqish, tarbiyalash va o‘qitish bo‘yicha vazifalarni bajara olmaydigan holatlardir.

O‘z navbatida, barcha oilalar bolalariga beriladigan universal nafaqalar ijtimoiy munosabatlar va ijtimoiy birdamlikni rivojlantirishda ancha samarali. Eng muhimi, bolalarni qo‘llab-quvvatlash bu xayriya emas, balki mamlakatdagi inson kapitalini rivojlantirishga zarur sarmoyadir.

YUNISEF ning O‘zbekistondagi boshlang‘ich maktab yoshidagi bolalar ta’limi bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqoti shuni ko‘rsatadiki, uy sharoiti, masalan, o‘quv qurollari, o‘qish uchun kitoblar, stol, bolalarning maktabdagi faoliyatini belgilashda muhim rol o‘ynaydi.

O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirishga qo‘yilgan sarmoyalarning samaradorligi mamlakatda oilalar orasida keng tarqalgan kambag‘allik muammosini hal qilishga qodir bo‘lganligi bilan bog‘liq. Ushbu muammoni faqat bandlikka ko‘maklashish dasturlari orqali hal qilib bo‘lmaydi, chunki tuzilmaviy to‘siqlar va yuqori ishsizlik tufayli mehnat bozorida munosib ish o‘rinlari yetishmayapti.

bugungi kunda bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Koronavirus pandemiyasidan kelib chiqadigan iqtisodiy tushkunlik ham zaif oilalar uchun xavfni oshirdi. Masalan, so‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, dunyoda qashshoqlikda yashovchi bolalar soni 15 foizga ko‘payishi mumkin. Yevropa va Markaziy Osiyoda bu o‘sish 44 foizga yetishi mumkin.

COVID-19 ga qarshi kurashish va pandemiya ta’sirini yumshatish uchun Xalqaro bolalarni qutqarish tashkiloti va YUNISEF bolalar zudlik bilan ehtiyojlarini qondirish va kelajakdagi mumkin bo‘lgan zarbalardan himoya qilish uchun bolalarga beriladigan nafaqalarni zudlik bilan va keng miqyosda kengaytirishga chaqirmoqda.

Bolalarga nafaqa berishning samarali tizimi ushbu xavflarni kamaytirishi va shu bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlashi mumkin. O‘zbekiston hukumati bolalar uchun nafaqa oluvchilar sonining 10 foizga ko‘payishini e’lon qildi va bu muhim qadam bo‘ldi. Biroq mavjud vaziyat oilalarni qo‘llab-quvvatlash va mamlakatga bugun va kelajakda zarur bo‘lgan inson kapitalini rivojlantirish uchun qamrovni yanada kengaytirishni talab qilmoqda.

Bolalar uchun nafaqalar qamrovini kengaytirish qo‘shimcha mablag‘larni talab qilishi aniq. Buni mamlakat byudjetiga katta yuk tushmasdan bajarishga imkon beradigan usullari mavjud. Moliyalashtirish talablarining sezilarli darajada oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun bolalarga beriladigan nafaqalarni qamrab olish bosqichma-bosqich kengaytirilishi mumkin.

Bola hayotining birinchi ming kuni bu bolaning miyasi o‘sib, rivojlana boshlagan va butun hayot davomida sog‘liq uchun asoslar qo‘yiladigan vaqt. Bolaning hayotining birinchi ming kunida maksimal darajada qo‘llab-quvvatlash va yetarli ovqatlanishni olish muhimligini hisobga olib, imtiyozlar birinchi navbatda, eng yosh bolalarga berilishi kerak.

Bundan tashqari, dastur har yili bolalar uchun nafaqalar uchun yosh chegarasini ko‘tarib, oxir-oqibat 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olishi mumkin. YUNISEF tahlili shuni ko‘rsatadiki, ushbu taklif moliyaviy jihatdan maqsadga muvofiq va aholi farovonligini sezilarli darajada oshirishga, xususan, 2030 yilga kelib qashshoqlikning umumiy darajasini 21 foizga kamaytirishga imkon beradi. Eng kambag‘al oilalarga ko‘proq foyda keltiradi.

Sir emaski, aksariyat mintaqalar aholisi, ayniqsa qishloqlar daromad manbalariga ega emas. Barcha mamlakatlarda bo‘lgani kabi, bizda ham aholining kam daromadli qatlamlari mavjud. Turli xil hisob-kitoblarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 12-15 foizni tashkil qiladi. Gap mamlakatimizning 4-5 million aholisi haqida ketmoqda.

Ko‘pchilik bu muammoni nafaqalar va moddiy yordamni to‘lash yoki ularning hajmini oshirish orqali hal qilish mumkin, deb hisoblaydi. Biroq bu muammoni tubdan hal qilmaydigan bir tomonlama yondashuv. Kambag‘allikni kamaytirish uchun keng qamrovli iqtisodiy va ijtimoiy siyosat - tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishdan tortib aholining qobiliyati va salohiyatini safarbar qilish, yangi ish o‘rinlari yaratishga qadar amalga oshirishni talab qiladi.

Biroq bilasizki, har kim ham tadbirkorlik qobiliyatiga ega emas. Shuning uchun biz bunday odamlarga alohida e’tibor qaratishimiz va ularni kasbiy qayta tayyorlash orqali munosib ish bilan ta’minlashimiz kerak. Biz ish o‘rinlari yaratadigan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak.

Ijtimoiy nafaqalarni to‘lashning yangi tizimi, shu jumladan, kam ta’minlangan oilalarni qamrab olishni kengaytirish va byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlashni joriy etish zarur. Shu bilan birga, mezonlarni qayta ko‘rib chiqish va imtiyozlar berishning shaffof tizimiga o‘tish, mahallaning bu ishdagi ishtirokiga tanqidiy baho berish kerak. Umuman olganda, yangi tizim fuqarolarning ijtimoiy nafaqa olish uchun murojaat qilishi uchun ishlashi kerak, ular shu kuni barcha kerakli hujjatlarni tayyorlaydi va muammoni hal qiladi.

Sattor RAHMATOV

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili,  

Ombudsman kotibiyatining  

Bola huquqlarini ta’minlash sektori mudiri