Dunyoning ko‘zga ko‘ringan “Diplomatic World” jurnalining bosh redaktori Barbara Ditrix hamda ushbu jurnalning menedjeri Alberto Turkstra Toshkent viloyati Nurafshon shahrida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Shahar hokimi Muzaffar Saliyev hamrohligida tashkil etilgan sayohatning dastlabki manzili Nurafshon biznes siti majmuasi bo‘ldi.

Bu yerda mehmonlarga shaharda barpo etilayotgan bunyodkorlik hamda istiqbolli loyixalar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Qurilish ishlari boshlab yuborilgan Prezident maktabi, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Axborot texnologiyalar universiteti Nurafshon filialining zamonaviy ma’muriy binolari va ko‘p qavatli turarjoy majmualari shular jumlasidan.
–Ushbu loyixalar nixoyatda ajoyib va har tomonlama mukammal ishlab chiqilgani, muhimi, bularning barchasi kelgusida shu yerda yashovchilarning turmush sharoitini yaxshilashga xizmat qiladi, – deydi “Diplomatic World” jurnalining bosh redaktori Barbara Ditrix. – Ayniqsa, yoshlarning ta’lim muassasalarida tahsil olib, jaxon miqyosida aktual bo‘lib turgan kreativ iqtisodiyot va axborot texnologiyalar yo‘nalishida malakali mutaxassis bo‘lishiga ishonaman.

Shundan so‘ng mehmonlar hududdagi Yoshlar Markazi binosida yoshlarga yaratilgan imkoniyatlar va sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Jumladan, yosh ixtirochilar uchun mo‘ljallangan robotatexnika markazi ularda katta taassurot qoldirdi. Yosh jurnalistlar maktabida amaliyot o‘tayotgan qizlar bilan suhbat chog‘ida bo‘lg‘usi yosh jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi.
Jumladan, yetuk va professional jurnalist bo‘lish uchun nimalar qilish kerak degan savolga Barbara xonim quyidagicha javob berdi.
– Hamisha o‘z ustingizda ishlang, qalbingiz yonib turishi kerak va faqat o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rganingizni yozing. Mashxur bo‘lishga shoshmang, halol va to‘g‘ri mehnatingiz o‘zi sizni mashhur qiladi.

Suhbat yakunida mehmonlar tomonidan yoshlarga estalik sovg‘alari topshirildi.
Shuningdek, mehmonlar yangi tashkil etilgan Nurafshon axborot texnologiyalar markazi bilan ham yaqindan tanishdi. Xususan, mehmonlar Rossiyaning Innopolis universiteti olimlari tomonidan onlayn rejimda "Fronted" yo‘nalishida dars o‘tish jarayonida qatnashdi. Shahar hokimi M.Saliyev o‘kuv kursida qatnashayotgan o‘g‘il-qizlarga mehmonlarni tanishtirdi. Bu yoshlar maxalliy byudjet hisobidan dasturiy ta’minot yo‘nalishida tahsil oladi.
Navbatdagi manzil Obod turmush mahallasi bo‘ldi. Mehmonlarni aholi uchun yaratilgan yangi "OPEN BUDJET" imkoniyatlari, fuqarolar faol qatnashuvi orqali maxalliy byudjet mablag‘ining 30 foizigacha qismi maxallani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlariga yo‘naltirilgani qiziqtirdi.
1960-1970 yillarda qurilgan ko‘p qavatli uylarda yashayotgan aholiga (xalk orasida Kalinin deb nomlanadigan) 30 yildan beri bo‘lmagan issiqlik tizimi yaratilmoqda. Bu aholi orasida turli kasalliklar bilan bog‘liq holatlarni oldini olishi, 400 dan ortiq noqonuniy qurilmalar va xojatxonalar buzilib oqova tizimi yaratilishi, sanitar holat yaxshilanishiga xizmat qildi. Bolalar va kattalar uchun o‘rnatilgan o‘yingoh va sport maydonlari mehmonlarga manzur bo‘ldi.

Mehmonlarni qiziqtirgan yana bir savol aholi bandligini ta’minlash va mahallabay ishlash tizimi joriy qilingani bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida “Degantepa” MFYda dehqonchilik qilayotgan bir guruh yoshlar bilan mehmonlar o‘rtasida suhbat o‘tkazildi.
Unda maxalliy hokimiyat tomonidan kam ta’minlangan va bandligi ta’minlanmagan yoshlarga alohida e’tibor qaratilayotgani hamda har biriga mavsumiy ekin uchun 50 sotixdan yer maydoni ajratib berilganini alohida e’tirof etildi.
Hozirda ushbu ajratilgan yerlarda pomidor, bodiring, tarvuz kabi sabzavot va poliz ekinlarini yetishtirilyapti. Shu orqali yoshlarning daromadi oshmoqda.
Tashrif yakunida mexmonlar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
A.Musayev,O‘zA