Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Baraka xirmonlari misqollardan yaraladi
17:59 / 2023-03-02

Bundan besh yil ilgari issiqxona deyilsa, ko‘pchilikning ko‘z o‘ngiga pomidor, bodring va limon hosili kelar edi. Endi esa tomorqadan samarali foydalanish, bozorga barvaqt ekinlar yetkazib berish maqsadida barcha turdagi sabzavotlarni issiqxonada yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.

Karmanalik Zamira Alimova har yili 25 sotix issiqxonada dehqonchilik qilib qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiradi.  

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi vakillari hamda tuman hokimligi vakillaridan iborat ishchi guruhi Navoiy viloyati Karmana tumani “Shibzon” MFYda istiqomat qilayotgan Z.Alimova tajribasini ommalashtirish uchun ko‘rgazmali seminar tashkil etdi.

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisining o‘rinbosari To‘lqin Sattorov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun ham iqlimi, ham sharoiti qulay bo‘lgan yurtimiz katta iqtisodiy imkoniyatga egaligi, aholini doimiy ravishda arzon mahsulotlar bilan ta’minlash, ortgan qismini eksport qilish hisobiga yuqori daromad olish imkoniyatini alohida qayd etdi.

So‘ngra, ishchi guruhi ushbu hududda faoliyat yuritayotgan nafaqadagi Olim Toshov bilan muloqotda bo‘ldi. U “Komil Mirzo” fermer xo‘jaligi yer maydonidan “Ye-auksion” orqali ajratilgan 30 sotixda kartoshka yetishtiradi Hozirda kortoshka ekish jarayoni ketmoqda.

Ishchi guruhining navbatdagi manzili Navbahor tumani bo‘ldi. Ular “Navkar” MFY yashovchi Farhod Ochilov xonadonida ham ko‘rgazmali seminar tashkil etdi. Xonadonda banan va papayya daraxtlarini yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan.  

– Bir sotix issiqxonada ekilgan banan daraxtidan bir yilda ikki marta hosil olib, 50 million so‘m daromad qilamiz, – deydi F.Ochilov. – Papayya ham yil bo‘yi hosil beradi. E’tiborlisi, uning mevalari bir-biridan farq qiladi. Mevalari har xil o‘lchamda, vazni va shakli ham turlicha. Ular 170-230 kunda pishadi. Mevalari sersuv, etdor, juda mayin bo‘lib, mazasi qovoqni, xurmoni va biroz tezpishar qovunlarni eslatadi. Kelgusida banan va papayya yetishtirishni yanada kengaytirish uchun zamonaviy issiqxona qurish niyatim bor. Mablag‘ yetmayotgani sababli bu niyatimiz ozroq orqaga surilib turibdi.

Ha, keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi tubdan isloh qilinib, uning moddiy-texnika bazasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Biroq ekin-tekin mavsumi o‘ta tig‘iz payt sanaladi. Nihol qadash, urug‘ sepish ishlari uzog‘i bilan o‘ttiz kundan oshmaydi. Shu vaqt ichida ekkaning, ulgurganing. Aks holda quruq qo‘l bilan qolib, yerning umri zoye ketadi. Aslida, tog‘dek baraka xirmonlari ham misqollardan yaraladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA