Bankomatdan naqd pul yechib olayotgan fuqaroning bank karta raqamlarini yashirincha ko‘rib olgan shaxs undagi mablag‘ni o‘zlashtirgan.
Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi, I.S., ariza bilan murojaat qilib, noma’lum shaxs uning bank kartasidan jami 1,3 million so‘m pulni noma’lum tarzda yechib olganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, firibgarlik yo‘li bilan pullarni o‘zlashtirgan shaxs Navoiy viloyati Qiziltepa tumanida yashovchi 1989 y.t., U.E. ekanligi aniqlangan.
U.E. pullarni naqdlashtirish uchun bankomatga kelgan fuqaro I.S.ning banka karta raqamlarini yashirincha ko‘rib olib, bank kartasi ma’lumotlarini onlayn qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlar (1xVet) hisob raqamiga kiritgan. O‘z telefon qurilmasi nosoz holda ekanligini bildirib, qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida fuqaroning mobil qurilmasiga kelgan sms-xabarnomani qo‘lga kiritgach esa plastik kartadagi pullarni o‘zlashtirgan.
IIV Kiberxavfsizlik markazidan xabar berishlaricha, U.E.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zA