Bugungi kunda mamlakatimizda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, jumladan, aholida tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning biznes tashabbuslarini moliyalashtirish va loyihalarini amalga oshirishga ko‘maklashish bo‘yicha yaxlit tizim joriy etilgan. Bu jarayonda tijorat banklarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi.
Xo‘sh, bu borada tizimda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? “O‘zmilliybank”AJ bo‘lim boshlig‘i Muhammadyusuf Ibragimovni shu mavzuda suhbatga chorladik.
– Bank xodimi sifatida tadbirkorlarga yaratilayotgan yangi imkoniyatlar, jumladan, faktoring xizmati to‘g‘risida ma’lumot bersangiz.
– Haqiqatdan ham, hozir mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan, kichik va o‘rta biznesga keng yo‘l ochish bo‘yicha tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 20 avgustda Nukus shahrida mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan uchrashuvida ham tadbirkorlar uchun 5 ta yangi tashabbus ilgari surildi. Ushbu tashabbuslarning eng birinchisi “Kichik va o‘rta biznes uchun moliyaviy resurslarni ko‘paytirish” tashabbusi ekanligi buning yorqin isboti deyish mumkin. Mazkur tashabbus doirasida belgilangan muhim vazifalardan biri tijorat banklari tomonidan faktoring xizmatini jadal rivojlantirish va ommalashtirish hisoblanadi.

Faktoring tushunchasiga qisqacha to‘xtaladigan bo‘lsak, bu pul talabnomasidan boshqa shaxs foydasiga voz kechish evaziga moliyalash hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, bank, ya’ni moliyaviy agent tomonidan yetkazib beruvchi yoki sotuvchilarning kechiktirilgan to‘lov, ya’ni debitorlik qarzlarini talab qilish huquqini sotib olish tushuniladi.
Faktoring xizmatiga ikki xil vaziyatda ehtiyoj paydo bo‘ladi: Birinchisi, sotuvchi mahsulot yoki xizmatlarini kechiktirib to‘lash sharti bilan xaridorga sotgach, tabiiyki, o‘z faoliyatini davom ettirish uchun aylanma mablag‘ga ehtiyoj paydo bo‘ladi. Ikkinchisi, oldindan to‘lov sharti bilan muntazam mahsulot xarid qilib kelayotgan korxonalarda kechiktirilgan to‘lovga o‘tish ehtiyoji paydo bo‘ladi. Har ikki vaziyatda ham tadbirkor uchun garov talab qilinmaydigan va qisqa muddatda mablag‘ olish imkonini beruvchi xizmat – bu faktoring xizmati hisoblanadi.
Mazkur xizmat turini jadal rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida joriy yilning 12 avgustida Prezidentimizning “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Farmonga muvofiq, bank bo‘lmagan yangi institut – faktoring tashkilotlari tashkil qilish va mazkur xizmat turini raqamlashtirish vazifalari belgilandi.
– O‘zbekiston Respublikasi bank tizimining lokomotivi sifatida “O‘zmilliybank” tizimida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz?
– “O‘zmilliybank”AJ tomonidan faktoring xizmati 2023 yilda joriy qilingan bo‘lib, uni rivojlantirish va mijozlar orasida ommalashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu vazifani bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, hozir bankda muntazam hisobraqam aylanmalariga ega bo‘lgan mijozlar orasida faktoring xizmatini ommalashtirish maqsadida ular bilan muzokaralar o‘tkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2024 yil 17 avgustdagi qarori bilan faktoring xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilab berildi hamda mazkur xizmat turini ommalashtirish va raqamlashtirish vazifasi yuklatildi.
“O‘zmilliybank”da faktoring xizmati joriy qilingandan buyon bugungi kunga qadar jami 200 milliard so‘mga yaqin 200 ta faktoring operatsiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Shuningdek, qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli nazorat-reja ishlab chiqilgan.
Jumladan, faktoring xizmatini rivojlantirishga mas’ul rahbar xodimlar belgilanib, uni ommalashtirish maqsadida tarqatma materiallar (taqdimot va flayerlar) tayyorlangan. Bank rasmiy saytida faktoring bo‘yicha alohida sahifa shakllantirilib, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasida bankning barcha bo‘g‘indagi mas’ul xodimlari ishtirokida faktoring bo‘yicha o‘quv-seminarlar o‘tkazilib boriladi. Qolaversa, ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, mustaqil jurnalistlar bilan bu borada targ‘ibot va tashviqot ishlari muntazam olib borilmoqda.
– Yuqorida xizmatni “raqamlashtirish” vazifasi belgilanganini ham aytib o‘tdingiz. Jarayon qanday kechmoqda?
–Bugungi kunda bankning barcha xizmat turlari qatorida mazkur xizmat turini raqamlashtirish ham muhim hisoblanadi.
Negaki, faktoring xizmati korxonalarga qisqa muddatda mablag‘ olish imkonini berishi bilan boshqa xizmat turlaridan ajralib turadi. Buning uchun mijozlarga bankka tashrif buyurmasdan faktoring xizmatidan foydalanish imkonini yaratish zarur.
O‘z navbatida, “O‘zmilliybank” tomonidan allaqachon faktoringni raqamlashtirish muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, elektron platforma orqali bir nechta dastlabki faktoring operatsiyalarini amalga oshirishga erishildi. Hozir mijozlarning taklif va e’tirozlaridan kelib chiqqan holda elektron platformani yanada takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA muxbiri