Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Bankni “chuv” tushiraman, deb firibgarlarning o‘zi chuv tushdi
20:03 / 2022-05-05

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining navbatdagi ochiq sud majlisida ko‘rilgan ishda viloyatdagi tijorat banklaridan biriga soxta hujjatlar taqdim etib, bankni chuv tushirmoqchi bo‘lgan uch nafar shaxsga nisbatan sud hukmi o‘qildi.

Sudda aniqlanishicha  Dilnoza (ismlar o‘zgartirilgan) va uning kuyovi Oybek firibgarlik yo‘li bilan o‘zganing mulkini qo‘lga kiritish uchun oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, shu maqsadda Oybekning  nomidan AT “Asaka bank” Sirdaryo viloyat filialiga “TRACKER” rusumli avtomashinasini sotib olish uchun kredit ajratishni so‘rab ariza bilan murojaat qilishgan.

Shundan so‘ng, kredit ajratilishi uchun ish joyi va ish haqi haqidagi ma’lumotlar zarur bo‘lganligi sababli, rasmiy ravishda hech qayerda ishlamasalar-da, Dilnoza Oqoltin tuman davlat ro‘yxatidan o‘tgan “Oqoltin qurilish” MCHJ rahbari Odilni bu hujjatlarni rasmiylashtirib berishga ko‘ndiradi. Natijada Dilnoza va Oybekni “Oqoltin qurilish” MCHJda ishlashi va ularning oylik ish haqlari to‘g‘risidagi qalbaki ma’lumotnomalarni soxtalashtirib olib, AT “Asaka bank” Sirdaryo viloyat filialiga taqdim qiladi. Shundan so‘ng mazkur bank tomonidan Oybekning nomiga 5 yil muddatga 6 oylik imtiyozli davr va yillik 27 foiz ustama to‘lash sharti bilan 150.900.000 so‘mlik kredit ajratilishi haqidagi shartnoma rasmiylashtiriladi. Olinayotgan kredit uchun esa Dilnoza va fuqaro Sarvar kafil sifatida ko‘rsatiladi.

Shartnomaga ko‘ra, AT “Asaka bank” Sirdaryo viloyat filiali tomonidan ajratilgan kredit pullari evaziga Oybekning nomiga “TRACKER TRKAR” rusumli avtomashinasini sotib olib, mashina kreditga garov ta’minoti sifatida qo‘yilishi lozim bo‘lsa-da, garovga qo‘ymasdan, notarial tasdiqlangan shartnomaga asosan fuqaro Alimjanovga sotib yuborib, pulini shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuboradi. Ammo “uddaburon”larning qilmishi hech qancha vaqt o‘tmay oshkor bo‘ldi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Guliston shahar sudining raisi Ulug‘bek Jumayev raisligida o‘tkazilgan sud majlisida sudlanuvchilar, guvohlar va bank xodimlarining ko‘rsatmalari eshitilib, dalillar o‘rganib chiqildi va Dilnoza, Oybek va Odilga nisbatan hukm o‘qildi.

Dilnozaga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59-moddasiga asosan tayinlangan jazolar qisman qo‘shilib, uzil-kesil bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari, ya’ni o‘ttiz uch million to‘rt yuz ellik ming so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Oybekka uzil-kesil o‘tash uchun bazaviy hisoblash miqdorining 196,5 baravari, ya’ni qirq uch million sakkiz yuz o‘n to‘qqiz ming besh yuz so‘m jarima jazosi tayinlandi.

Hali sud tomonidan belgilangan jazo muddati tugamay turib, yana jinoyat sodir etgani uchun Odilga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 60-moddasiga asosan, jinoyat ishlari bo‘yicha Sardoba tuman sudining hukmi bilan tayinlangan 2 yil 4 oy 15 kun ozodlikni cheklash jazosining o‘talmagan 8 oy 9 kuni mazkur hukm bilan tayinlangan jazoga qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil sutkaning soat 22:00dan soat 05:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida yashash joyidan chiqishini cheklagan holda uch yil sakkiz oy muddatga ozodlikdan cheklash jazosi tayinlandi.

Bu jinoiy guruhning qilmishiga chek qo‘yildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA