Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Banklarning investitsiya jozibadorligi oshmoqda
17:00 / 2016-04-20

Poytaxtimizda tijorat banklariga xorijiy kredit liniyalari hamda chet ellik investorlarni jalb qilish va ularning samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Poytaxtimizda tijorat banklariga xorijiy kredit liniyalari hamda chet ellik investorlarni jalb qilish va ularning samaralariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan «Ipak yo‘li» banki hamkorligida tashkil etilgan tadbirda mamlakatimiz bank sektoriga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar iqtisodiyotimizning barqaror o‘sishida muhim omil ekani ta’kidlandi.

So‘nggi besh yilda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Xitoy Davlat taraqqiyot banki, Koreya Respublikasi Eksport-import banki kabi yetakchi xalqaro moliya institutlarining jami 800 million dollardan ziyod mablag‘lari hisobiga kichik biznes subyektlari loyihalashtirilgan, yetakchi tarmoqlarda muhim obyektlar ishga tushirilgan. 2015-yilda soha subyektlari tomonidan o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy kredit liniyalari hajmi 177,4 million dollarni tashkil etgan.

Mamlakatimizda xorijiy investorlar mablag‘lari ishtirokida beshta bank faoliyat ko‘rsatmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015-yil 21-dekabrdagi «Aksiyadorlik jamiyatlariga xorijiy investorlarni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori mamlakatimiz bank tizimining xalqaro mezonlar asosida rivojlanishi hamda bank ustav kapitalida xorijiy investorlarning rolini yanada oshirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Qarorda mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan aksiyadorlik tijorat banklari kapitalida xorijiy investorlarning ulushi 15 foizdan kam bo‘lmasligi belgilangan.

Aksiyadorlik tijorat banklari faoliyatini tartibga solish va nazorat qilish tizimini xalqaro andoza va me’yorlar asosida takomillashtirish, ochiqligini ta’minlash bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Ularning faoliyati tashqi auditorlar tomonidan xalqaro audit standartlari hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga muvofiq o‘tkazilib, ommaviy nashrlarda chop etilmoqda.

Matbuot anjumanida jurnalistlarning savollariga mutaxassislar javob qaytardi.