Davlatimiz rahbari 2022 yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, viloyat elektr energiyasini tejash bo‘yicha namuna bo‘lishini ta’kidlagan edi. Buning uchun viloyatdagi barcha tashkilotlarga quyosh panellari o‘rnatish bosqichma-bosqich amalga oshiriladi va 2026 yilga borib davlat organlari, korxona va muassasalarda energiya iste’molining 60 foizini yashil energiyaga o‘tkazish hisobiga qariyib 900 million kVt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Joriy yilda esa Navoiy viloyatida jami 87 ming kVt/soat quvvatdagi quyosh panellari, quyosh fotoelektr stansiyalar hamda 102 ming 200 litr hajmdagi quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Hozirda ijtimoiy soha ob’ektlari, tuman va shahar hokimliklari, ichki ishlar, moliya muassasalari, soliq organlari, aholi xonadonlari hamda boshqa ko‘plab tashkilotlar binolari tomlariga quyosh panellari o‘rnatilmoqda.
– Elektr energiyasi va unga sarflanayotgan mablag‘larni tejash maqsadida Markaziy bank Navoiy viloyati bosh boshqarmasi, viloyat tijorat banklari va ularning filiallari ma’muriy binolariga 1000 kVt/soat quvvatdan ziyod quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi ma’muriy xizmat boshlig‘i Anvar Yo‘ldoshev. – Ayni paytda ular to‘liq quvvatda ishga tushirildi hamda elektr energiyasi yetkazib berishni boshladi. Quyosh panellari o‘rnatilmagan banklarda ham bosqichma-bosqich muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tilmoqda. Bu o‘z navbatida nafaqat energiyani tejash, balki moliyaviy jihatdan ham iqtisod qilishga imkon bermoqda.
[gallery-10697]
Darhaqiqat, bugugngi kunga qadar viloyatda 23 ta bank filialida quyosh panellari o‘rnatilgan. 4 ta bank filialida o‘rnatish jarayonlari ketmoqda, 8 ta bank filialida esa o‘rnatish choralari ko‘rilmoqda.
– “Agrobank” ATB Navoiy viloyati boshqarmasi ma’muriy binosiga ham 100 kVt/soat quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatildi, – deydi bankning xo‘jalik ishlari bo‘yicha bosh mutaxassisi Jamshid Muqimov. – Natijada avvallari har oyda elektr energiyasi sarfi uchun qariyib 3,5 - 4 million so‘m atrofida mablag‘ sarflagan bo‘lsak, hozirda bu ko‘rsatgich 1,8-2 million so‘m atrofida bo‘lmoqda. Shuningdek, bankning Konimex, Karmana, Navbahor hamda Xatirchi tumanlari filiallarining har biriga 40 kVt/soat, Qiziltepa va Nurota tumani filiallariga 30 kVt/soat, Tomdi tumani filialiga esa 20 kVt/soat quvvatga teng quyosh panellari o‘rnatilib, undan samarali foydalanib kelinmoqda.
Hozirda bir yilda 300 kunga yaqin quyoshli ob-havosiga ega O‘zbekistonda quyosh panellari eng maqbul yechimlardan biri sifatida qayd etilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 16 fevraldagi “2023 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Shunga muvofiq qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga qator imtiyozlar berildi.
Jumladan, 2023 yil 1 apreldan boshlab umumiy quvvati 100 kVtgacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, qurilmalar bilan band bo‘lgan uchastkalar bo‘yicha yer solig‘i hamda yuridik shaxslar tomonidan umumiy tarmoqqa sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydasidan hisoblanadigan foyda solig‘ini to‘lashdan ular foydalanishga topshirilgan paytdan e’tiboran uch yil muddatga, o‘rnatilayotgan quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatilgan bo‘lsa – o‘n yil muddatga ozod etiladi. Shuningdek, jismoniy shaxslarga tegishli ob’ektlarda o‘rnatilgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib yagona elektr energetika tizimiga uzatilgan elektr energiyasining har bir kilovatt/soatiga Davlat byudjetidan 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil davomida viloyatda jami 319 ta tashkilotlarga quyosh panellari o‘rganilishi rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev,
Siroj Aslonov (surat), O‘zA