Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Banklarda depozitlar hajmi, ayniqsa aholi omonatlari yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda – Markaziy bank
18:04 / 2023-01-26

Markaziy bank boshqaruv yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish yakunlari yuzasidan Boshqaruv raisi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Matbuot anjumanida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 15 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qilingani qayd etildi.

Shuningdek, anjumanda qayd etilishicha, iqtisodiyotda yalpi talabga ichki va tashqi omillarning rag‘batlantiruvchi ta’siri saqlanib qolmoqda. Tashqi inflyatsiya va iqtisodiyotdagi daromadlarning o‘sishi bazaviy inflyatsiyaning co‘nggi oylarda yuqori shakllanishiga sabab bo‘lgan.

– Asosiy stavkaning joriy darajasi iqtisodiyotda nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolish uchun yetarli, deb baholanmoqda, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov. – Iqtisodiy vaziyatning rivojlanib borishi va fiskal siyosat xususiyatidan kelib chiqib, kelgusi choraklarda talab va taklifni muvozanatlashtirish uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish zarurati yuzaga kelishi mumkin. So‘nggi choraklarda barqaror yuqori iqtisodiy o‘sish dinamikasi kuzatilmoqda. Markazlashgan investitsiyalarning muvozanatlashuvi sharoitida yalpi iste’molning o‘sishi talabni shakllantiruvchi asosiy omillardan bo‘ldi. 2022 yil yakuni bo‘yicha YAIM o‘sishi Markaziy bankning oktyabr oyidagi prognozlariga mos bo‘lib, 5,7 foizni tashkil etdi.

Joriy yilda fiskal rag‘batlantirishlarning nisbatan muvozanatlashuvi kutiliyotgan bo‘lsa-da, o‘tgan 3 yilda kuzatilgan yuqori fiskal defitsitning yalpi talabni qo‘llab-quvvatlovchi ta’sirlari saqlanib qolmoqda. Mehnat bozoridagi barqarorlikning saqlanib qolishi, mehnat haqi va transchegaraviy pul o‘tkazmalarining yuqori hajmlari uzoq muddat foydalaniladigan tovarlar va ko‘chmas mulklarga bo‘lgan talabni o‘sishiga va, o‘z navbatida, ushbu bozorlarda narxlarning oshishiga olib kelmoqda.

Umuman olganda, joriy va kelgusi choraklarda iqtisodiyotda ijobiy tendensiyalarning shakllanishi taklif omillarini muvozanatlashishiga bog‘liq bo‘ladi. Anomal ob-havo sharoitlari tufayli taklif bilan bog‘liq qisqa muddatli xatarlar yuzaga kelishi ayrim turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlariga ta’sir ko‘rsatadi.

2022 yilda iste’mol tovarlari narxlarining barcha guruhlarida keng qamrovli o‘sish kuzatildi va bu umumiy yillik inflyatsiya darajasining 12,3 foizgacha tezlashishida o‘z aksini topdi. So‘nggi yarim yillikda bazaviy inflyatsiyada ham barqaror o‘sish tendensiyasi kuzatildi va yillik 13,8 foizga yetdi. Bu ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksining nisbatan yuqori dinamikasi bilan birga kelgusida inflyatsion bosimlarning yanada ortishi ehtimoli bo‘yicha signal bermoqda. Oxirgi uch oydagi inflyatsion kutilmalardagi o‘sish dinamikasi kelgusida inflyatsion xatarlar yuzaga kelishi ehtimollarini oshirgan.

Jahon iqtisodiyotining o‘zgarishlarga moslashuvi hamda markaziy banklar tomonidan pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, global inflyatsion jarayonlarning yanada kuchsizlanishi va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari birja narxlarining nisbatan pasayishi bo‘yicha ehtimollikni oshirmoqda. Ushbu omillar valyuta kursining nisbatan barqaror dinamikasi bilan birgalikda inflyatsion jarayonlarga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatishi kutilmoqda.

Yilning ikkinchi yarmidan boshlab milliy valyutadagi kreditlar hajmining ortishi hisobiga iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalarining o‘sish sur’ati biroz tezlashdi. Shu bilan birga, kredit portfeli tarkibida aholiga ajratilgan chakana kreditlarning yuqori sur’atlarda o‘sish tendensiyalari davom etmoqda.

Ijobiy real foiz stavkalari ta’sirida banklarda depozitlar hajmi, ayniqsa aholi omonatlari yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda. Umuman olganda, o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan iqtisodiyotni moliyalashtirish jarayonlarida tarkibiy o‘zgarishlar kuzatilib, banklar ko‘proq ichki resurslardan foydalangan holda faoliyat yuritishga o‘tishi tezlashdi. Bu, o‘z navbatida, mavjud moliyaviy imkoniyatlarni samarali mobilizatsiya qilinishi bilan birgalikda iqtisodiyotdagi dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qildi. Bu jarayon joriy yilda ham davom etilishi kutilmoqda.

Makroiqtisodiy rivojlanishning prognozlariga ko‘ra, I chorakda YAIM o‘sishining ma’lum darajada sekinlashishi bo‘yicha ehtimollik yuqori va 2023 yil yakunida iqtisodiyotning 4,5-5 foizga o‘sishi va yillik inflyatsiyaning 8,5-9,5 foiz doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Markaziy bank pul-kredit sharoitlarining talab, narxlar va inflyatsion kutilmalarga ta’sirini sinchkovlik bilan baholashda davom etadi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar talab va taklif mutanosibligini ta’minlash hamda inflyatsiyaning prognoz koridori doirasida shakllanishiga va 5 foizlik o‘rta muddatli targetiga erishishiga qaratiladi.

Zarur hollarda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda inflyatsiyaning nomonetar omillarini kamaytirish, ta’minot zanjirlaridagi uzilishlarni bartaraf etish va zaruriy taklif hajmlarini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA