Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Banklar reytingi: Qaysi banklarning ko‘rsatkichi yuqori?
16:49 / 2022-01-21

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Banklar faollik reytingini yangiladi. Umumiy reytingda “Kapital bank”, “Hamkor bank” va “Trast bank” eng faol banklar uchligini boshqarishda davom etayotgan bo‘lsa, “Aziya Alyans bank”, “Agrobank” va “Qishloq qurilish bank” reytingda ko‘tarilishga erishdi.

Markaz tomonidan O‘zbekiston bank tizimidagi islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligi, raqobat muhiti o‘zgarishi hamda barqarorlik darajasini baholab borish maqsadida “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqildi. Markaz mazkur indeksga asosan har chorakda 31 tijorat banklar reytingini yangilab bormoqda.

2020-2025 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish Strategiyasiga asosan, “Ipoteka bank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Asaka bank”, “Aloqa bank”, “Qishloq qurilish bank” va “Turon bank”dagi davlat ulushini bosqichma-bosqich xususiylashtirish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda banklar faoliyatini transformatsiya qilish, ikkinchi bosqichda davlat aksiyalar paketini sotish ko‘zda tutilgan.

Yirik davlat banklari xususiylashtirilgandan so‘ng, moliyaviy xizmatlar bozorida jiddiy o‘zgarishlar yuz berishi, natijada yangi xizmatlar va raqobatning yanada kuchayishi kutilmoqda.

2021 yil 1 dekabr holatiga bank tizimi aktivlari hajmi 427,4 trillion so‘mni, majburiyatlari 360,3 trillion so‘mni, jami kapitali – 67 trillion so‘mni tashkil etdi. bugungi kunda bank tizimida 56 mingga yaqin kishi faoliyat olib bormoqda.

Markaz tadqiqotida banklar ikki guruhga ajratilgan – yirik banklar va kichik banklar. Reyting ushbu guruhlarning har biri uchun alohida tuzilgan. Bunda, kichik banklar guruhiga faqat Toshkent shahrida yoki faqat ayrim (odatda bitta) hududlarda faoliyat olib borayotgan banklar kiritilgan.

O‘tgan yilning to‘rtinchi choragida 17 ta yirik bank uchun tuzilgan umumiy reytingda “Aziya Alyans bank” ikki pog‘onaga ko‘tarilib, 6-o‘rindan joy oldi. Mazkur bank moliyaviy vositachilik (2-o‘rin), daromad olish salohiyati (5-o‘rin) hamda likvidlilik (3-o‘rin) bo‘yicha yaxshi natijalarni saqlab qolmoqda. Shunday bo‘lsada, reyting natijalari “Aziya Alyans bank” kapital yetarlilik va aktivlar sifati ko‘rsatkichlariga e’tibor qaratishi lozimligini ko‘rsatmoqda.

“Ipak yo‘li bank” umumiy reytingda 7-o‘ringa joylashdi. Ushbu bank moliyaviy ommaboplik (5-o‘rin) va daromad olish salohiyati (2-o‘rin) bo‘yicha top-5 banklar qatoriga kirdi. Bank moliyaviy vositachilik bo‘yicha reytingi (15-o‘rin) muddatli depozitlarning kreditlariga nisbati, boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lar hamda Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarini yaxshilash lozimligini ko‘rsatmoqda.

“Aloqa bank” reytingda bir pog‘onaga tushib 8-o‘rindan joy oldi. Davlat ulushi mavjud banklar orasida “Aloqa bank” eng yaxshi natijalarni namoyon etmoqda. Xususan, mazkur bank moliyaviy vositachilik 4-o‘rinni saqlab qoldi. Shuningdek, bank aktivlari sifati (6-o‘rin) va moliyaviy ommaboplik (7-o‘rin) bo‘yicha ham yetakchi banklardan hisoblanadi. Bankning kapital yetarliligi bo‘yicha ko‘rsatkichlari jami regulyativ kapitalning (1-darajali kapitalning) xatarli aktivlarga nisbatiga alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.

“Agrobank” umumiy reytingda 10-o‘ringa (1-pog‘onaga) ko‘tarildi. Bankning moliyaviy vositachilik (2-pog‘onaga ko‘tarilish), boshqaruv samaradorligi (2-pog‘onaga) hamda likvidlilik (2-pog‘onaga) bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. Shuningdek, moliyaviy ommaboplik va kapital yetarliligi bo‘yicha reytingda top-5 banklar qatoriga kirdi. Shunga qaramasdan bankning boshqaruv samaradorligi (14-o‘rin) va daromad olish salohiyati (15-o‘rin) bo‘yicha ko‘rsatkichlari boshqa banklarga nisbatan past darajada qolmoqda.

Umumiy reytingda eng yuqori ko‘tarilish “Qishloq qurilish bank” reytingida (11-o‘rin) kuzatildi. Ushbu bank tomonidan berilgan kredit portfellari sonining sezilarli darajada oshishi, shuningdek, likvidlilik bo‘yicha ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi bankning bir yo‘la 5-pog‘onaga ko‘tarilishini ta’minladi.

Shunday bo‘lsada, bankning daromad olish salohiyati bo‘yicha reytinggi (16-o‘rin) bank tomonidan sof foizli daromadlarning aktivlarga va foizli xarajatlarga nisbati hamda foizsiz daromadlarning jami daromadlar tarkibidagi ulushiga e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.

“O‘zsanoatqurilishbank” uchinchi chorakdagi natijalarini saqlab qolgan bo‘lishiga qaramasdan, “Agrobank” va “Qishloq qurilish bank” tomonidan erishilgan yuqori natijalar mazkur bankning umumiy reytingda 13-o‘ringa tushishiga sabab bo‘ldi.

Joriy yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistondagi 14 ta kichik banklar faollik reytingida “Davrbank” va “Ziraat bank” o‘z o‘rnini saqlab qolgan bo‘lsa, “Universal bank” o‘z o‘rnini “Anor bank”ga bo‘shatib berdi.

“TBS bank” umumiy reytingda 2-pog‘onaga ko‘tarilib, 6-o‘rindan joy oldi. Bunga asosan bankning moliyaviy vositachilik bo‘yicha ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada yaxshilangani turtki bo‘ldi.

 

Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA muxbiri