Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Banklar korporativ mijozlar ehtiyojlariga qanday moslashmoqda?
11:38 / 2025-06-20

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda yuridik shaxslarga bank xizmatlari ko‘rsatish sifatini har tomonlama tahlil qildi. Tadqiqotda korporativ mijozlarga bank xizmatlari ko‘rsatishning asosiy jihatlari: kreditlash, to‘lov va depozit xizmatlarini ko‘rsatish, raqamlashtirish darajasini qamrab oldi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, korporativ mijozlar bank tanlashda birinchi navbatda tavsiyalarga, xizmat ko‘rsatish sifati va bankning obro‘siga e’tibor qaratadi. Bank xizmatlaridan umumiy qoniqish darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda – mijozlarning 85,8 foizi banklar faoliyatini ijobiy baholagan. E’tiborli tomoni, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 86,8 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatidan qoniqish bildirgan, bu esa sektor bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz yuqori.

Moliyaviy xizmatlardan qoniqmagan kompaniyalar fikrini o‘rganish natijasiga ko‘ra, respondentlarning 35,5 foizi pul o‘tkazmalari, 58 foizi kredit xizmatlari, 25,8 foizi to‘lov amaliyotlari, 16 foizi konversiya, 6,5 foizi depozit xizmatlarini takomillashtirish  zarur deb hisoblaydi.

To‘lov afzalliklari tahlili shundan dalolat berdiki, korporativ mijozlar orasida naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish barqaror tendensiyaga aylanmoqda. O‘rtacha hisobda sektor mijozlarining 40,2 foizi to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shaklda amalga oshiradi, 48 foizi esa naqd va naqdsiz to‘lovlarni birgalikda qo‘llaydi. Shu bilan birga, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlar bazasi tarkibida raqamli to‘lovlarga yo‘naltirilganlik yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Xususan, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 41,5 foizi naqd pulsiz to‘lov usullarini afzal ko‘radi, naqd to‘lovlarni afzal ko‘rganlar ulushi esa atigi 8,7 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bank sektori bo‘yicha o‘rtacha darajadan past hisoblanadi.  

Kreditlash sohasiga oid tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tadqiqotda qatnashgan korxonalarning taxminan 68 foizi bank kreditlaridan foydalanmayapti. Bu esa kreditlash yo‘nalishida hali ham katta foydalanilmagan salohiyat mavjudligini anglatadi. Kreditlardan foydalanayotgan mijozlar orasida “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 35 foizi jozibador shartlarni qayd etdi, bu ko‘rsatkich tarmoq bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori. Shuningdek, 10 foiz mijozlar kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyatlarini ijobiy baholadi.

Raqamli kanallarning jadal rivojlanishiga qaramay, ayrim korporativ mijozlar hali ham operatsiyalarni bank filiallar orqali amalga oshirishda davom etmoqda. Shu bilan birga, respondentlarning 60,6 foizi kredit to‘lashda internet-banking xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rayotgani, 95,4 foizi esa buni qulay vosita deb baholagan.

Depozit mahsulotlaridan hozircha faqat cheklangan miqdordagi kompaniyalar foydalanmoqda — jami so‘rovda ishtirok etganlarning 12,3 foizi mablag‘larini o‘zlari xizmat oladigan bankka joylashtirishgan. Kompaniyalarning depozitlarni boshqa banklarda joylashtirish sabablari sifatida esa yuqoriroq foiz stavkalari va raqamli instrumentlarning qulayligi qayd etilgan. Bu esa banklarning depozit takliflarini yanada raqobatbardosh qilish zarurligini ko‘rsatadi.

To‘lov va valyuta xizmatlari segmentida “O‘zsanoatqurilishbank” barqaror pozitsiyalarni saqlab turibdi. Valyuta konvertatsiyasi uchun bankni tanlash omillarini baholashda mijozlarning 30 foizi bankning ishonchliligini, 29 foizi qulay kursni, yana 29 foizi xizmat ko‘rsatishning yuqori tezligini qayd etgan.

Bank xizmatlari sifatini baholash doirasida o‘tkazilgan tahlillar natijalari banklarda xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan qoniqishning yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, respondentlarning 89 foizi xizmatlar belgilangan muddatda amalga oshirilayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, 92,7 foizi xizmat ko‘rsatishning tezkorligi va sifatini baholagan, 88 foizi komissiya yig‘imlarining adolatli ekanligiga ishonch bildirgan.  

Bank xodimlarining kasbiy fazilatlari ham yuqori baholandi. Xususan, so‘rovda qatnashganlarning 87 foizi xodimlarning malakaliligidan mamnun ekanini, 86 foizi ularning xushmuomalaligini, 82,7 foizi berilgan maslahatlarning sifati yuqori ekanini qayd etgan. Shu bilan birga, 85,8 foiz respondentlar bank mahsulotlari turlari keng qamrovli ekanini ta’kidladi.  

Natijalar shundan dalolat beradiki, bank sektorida raqamli xizmatlar darajasi yetarlicha bo‘lib, biznes uchun infratuzilma barqarorligi ta’minlangan. Jumladan, korporativ mijozlarning 86,3 foizi bank mobil ilovasidan foydalanish qulayligini qayd etdi. Korxonalar vakillarining 87,7 foizi bankomatlarning ishonchliligini tasdiqladi. Shu bilan birga, mobil ilovadan foydalanish va bankomatlardan xizmat ko‘rsatish darajasidan qoniqmaslik mos ravishda 6,9 foizi va 6,4 foizini tashkil etgan. Bu esa korporativ segment uchun bank xizmatlarini yanada takomillashtirish imkoniyatlari mavjudligini ko‘rsatadi.

Tadqiqot natijalari shundan dalolat beradiki, O‘zbekiston bank sektorida korporativ mijozlar ehtiyojlariga moslashish borasida sezilarli yutuqlarga erishmoqda. Bu esa moliyaviy xizmatlarni isloh qilish va raqamlashtirish jarayonlarining izchil davom etayotgani bilan bevosita bog‘liqdir.

Shu bilan birga, kredit mahsulotlari, depozitlar va raqamli xizmatlarda aniqlangan cheklovlar tadbirkorlik sub’ektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bundan-da samarali islohotlar va takomillashtirish choralarini amalga oshirish zarurligini ko‘rsatmoqda.

O‘zA