Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonda yuridik shaxslarga bank xizmatlari ko‘rsatish sifatini har tomonlama tahlil qildi. Tadqiqotda korporativ mijozlarga bank xizmatlari ko‘rsatishning asosiy jihatlari, jumladan, kreditlash, to‘lov va depozit xizmatlarini ko‘rsatish, raqamlashtirish darajasi tahlil qilindi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, korporativ mijozlar bank tanlashda birinchi navbatda tavsiyalarga, xizmat ko‘rsatish sifati va bankning obro‘siga e’tibor qaratadi. Bank xizmatlaridan umumiy qoniqish darajasi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Mijozlarning 85,8 foizi banklar faoliyatini ijobiy baholagan. E’tiborli tomoni, “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 86,8 foizi ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini qoniqarli baholashgan.
Moliyaviy xizmatlardan qoniqmagan kompaniyalar fikri o‘rganilganda respondentlarning 35,5 foizi pul o‘tkazmalari, 58 foizi kredit xizmatlari, 25,8 foizi to‘lov amaliyotlari, 16 foizi konversiya, 6,5 foizi depozit xizmatlarini takomillashtirish zarur deb hisoblaydi. To‘lov afzalliklari tahlilida korporativ mijozlar orasida naqdsiz hisob-kitoblarga o‘tish barqaror tendensiyaga aylanayotgani ma’lum bo‘lgan. O‘rtacha hisobda sektor mijozlarining 40,2 foizi to‘lovlarni to‘liq naqdsiz shaklda amalga oshiradi, 48 foizi esa naqd va naqdsiz to‘lovlarni birgalikda qo‘llaydi.
“O‘zsanoatqurilishbank” mijozlari orasida raqamli to‘lovlardan foydalanayotganlar ko‘p. Xususan, mijozlarning 41,5 foizi naqd pulsiz to‘lov usulini afzal ko‘radi. Naqd to‘lovlarni xohlovchilar ulushi atigi 8,7 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bank sektori bo‘yicha o‘rtacha darajadan past hisoblanadi.
Kreditlash sohasiga oid tahlillarda aniqlanishicha, tadqiqotda qatnashgan korxonalarning taxminan 68 foizi bank kreditlaridan foydalanmayapti. Bu esa kreditlash yo‘nalishida hali ham foydalanilmagan salohiyat borligidan dalolat beradi. Kreditlardan foydalanayotgan mijozlar orasida “O‘zsanoatqurilishbank” mijozlarining 35 foizi jozibador shartlarni qayd etdi. Bu ko‘rsatkich tarmoq bo‘yicha o‘rtacha darajadan yuqori. Shuningdek, 10 foiz mijozlar kreditlarni onlayn rasmiylashtirish imkoniyatini ijobiy baholagan.
Raqamli kanallarning jadal rivojlanishiga qaramay ayrim korporativ mijozlar hali ham operatsiyalarni bank filiallari orqali amalga oshirmoqda. Shu bilan birga, respondentlarning 60,6 foizi kredit to‘lashda internet-banking xizmatidan foydalanishni ma’qul ko‘rgan. 95,4 foizi esa buni qulay vosita deb baholagan.
Depozit mahsulotlaridan hozircha faqat cheklangan miqdordagi kompaniyalar foydalanmoqda. Jami so‘rovda ishtirok etganlarning 12,3 foizi mablag‘larini o‘zlariga xizmat ko‘rsatadigan bankka joylashtirgan. Kompaniyalarning depozitlarni boshqa banklarda joylashtirish sabablari sifatida esa yuqoriroq foiz stavkalari va raqamli instrumentlarning qulayligi qayd etilgan. Bu esa banklarning depozit takliflarini yanada raqobatbardosh qilish zarurligini ko‘rsatadi.
To‘lov va valyuta xizmatlari segmentida “O‘zsanoatqurilishbank” barqaror pozitsiyalarni saqlab turibdi. Valyuta konvertatsiyasi uchun bankni tanlash omillarini baholashda mijozlarning 30 foizi bankning ishonchliligini, 29 foizi qulay kursni, yana 29 foizi xizmat ko‘rsatishning yuqori tezligini qayd etgan.
Bank xizmatlari sifatini baholash doirasida o‘tkazilgan tahlillar natijalari banklarda xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan qoniqishning yuqori ekanligini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, respondentlarning 89 foizi xizmatlar belgilangan muddatda amalga oshirilayotganini ta’kidlagan bo‘lsa, 92,7 foizi xizmat ko‘rsatishning tezkorligi va sifatini baholagan, 88 foizi komissiya yig‘imlarining adolatli ekanligiga ishonch bildirgan.
Bank xodimlarining kasbiy fazilatlari ham yuqori baholangan. Xususan, so‘rovda qatnashganlarning 87 foizi xodimlarning malakasi yuqoriligini, 86 foizi xushmuomalaligini, 82,7 foizi berilgan maslahatlarning sifati yuqoriligini qayd etgan. Shu bilan birga, 85,8 foiz respondentlar bank mahsulotlari turlari keng qamrovli ekanini ta’kidlagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, bank sektorida raqamli xizmatlar darajasi yetarli bo‘lib, biznes uchun infratuzilma barqarorligi ta’minlangan. Jumladan, korporativ mijozlarning 86,3 foizi bank mobil ilovasidan foydalanish qulayligini qayd etgan. Korxonalar vakillarining 87,7 foizi bankomatlarning ishonchliligini tasdiqlagan.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bank sektorida korporativ mijozlar ehtiyojlariga moslashish borasida muayyan yutuqlarga erishilgan. Kredit mahsulotlari, depozitlar va raqamli xizmatlarda aniqlangan cheklovlar tadbirkorlik sub’ektlarining o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirish uchun bundan ham samaraliroq ishlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Sh. Mamaturopova, O‘zA