Bank aktivlarida xususiy banklar ulushi o‘zgarishini, shuningdek, bank sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari samaradorligini doimiy ravishda baholab borish maqsadida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan mamlakatimizdagi 31 tijorat banki uchun “Banklar faollik indeksi” ishlab chiqildi.
Ushbu indeks asosida Markaz har chorakda banklar reytingini e’lon qilib bormoqda.
Banklarning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, banklar ikki guruhga ajratildi. Jumladan, yirik banklar va kichik banklar. Har bir guruh bo‘yicha alohida reyting tuzildi.
Faollik indeksi bo‘yicha umumiy reytingda Kapital bank va Hamkor bank yetakchilik qilmoqda. Kapital bankning moliyaviy vositachilik, aktivlar sifati hamda likvidlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha yuqori natijalari bankning birinchi o‘rinni egallashini ta’minladi. Xususan, mazkur bankning muddatli depozitlarining jami kreditlariga nisbati 85 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, bankning majburiyatlari tarkibida boshqa banklar va moliya institutlaridan olingan mablag‘lar ulushi (3 foiz) va hukumatdan olingan mablag‘lar ulushi (0,5 foiz) eng past ko‘rsatkichlardan hisoblanadi.
Qayd etish kerakki, Kapital bankning kapital yetarliligi bo‘yicha reytingi bankning bu boradagi ko‘rsatkichlari Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan minimal talablarga yaqinlashib qolganidan dalolat bermoqda.
Hamkor bank umumiy reytingning ikkinchi pog‘onasidan joy oldi. Hisob-kitob natijalariga ko‘ra, Hamkor bank moliyaviy ommaboplik bo‘yicha birinchi raqamli bank sifatida e’tirof etildi. Chunki, ushbu bankning har bir filialiga to‘g‘ri keluvchi kredit olgan yuridik va jismoniy shaxslar soni nisbatan ko‘proqni tashkil etmoqda. Shuningdek, ushbu bank daromad olish va likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha ham yirik banklardan biri hisoblanadi. Shunga qaramasdan, Hamkor bank alohida reyting natijalari aktivlar sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini ko‘rsatmoqda.
Davlat ulushi mavjud yirik banklardan Aloqa bank 3- o‘rinni egalladi. Ushbu bank moliyaviy vositachilik (3-o‘rin), kapital yetarliligi (2-o‘rin) va aktivlar sifati (4-o‘rin) bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etdi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA