Markaziy bankning 2026 yil 1 yanvar holatiga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil davomida O‘zbekiston bank tizimidagi jami muammoli kreditlar (NPL) hajmi 3 trillion 130 milliard so‘mga kamaydi. Natijada, yil yakuniga kelib muammoli kreditlarning umumiy qoldig‘i 18,1 trillion so‘mni tashkil qildi.
Muammoli kreditlarning jami kredit portfelidagi ulushi ham sezilarli pasaydi. Xususan, ushbu ko‘rsatkich yil boshida 3,97 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2025 yil yakuniga kelib 2,99 foizga tushdi.
Shu bilan birga, 2025 yilda tijorat banklarining kredit portfeli hajmi 70,9 trillion so‘mga, yoki 13 foizga o‘sib, yil yakunida 604 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu bank tizimida kreditlash faolligi saqlanib qolganini ko‘rsatadi.
Davlat banklarida muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 1 trillion 509 milliard so‘mga kamaydi. 9 ta davlat bankidan 6 tasida NPL ko‘rsatkichi pasaygan, 3 tasida esa o‘sish qayd etilgan.
Boshqa (nodavlat) banklarda muammoli kreditlar hajmi yil davomida 1 trillion 620 milliard so‘mga kamaydi. Ularda NPL ulushi 4,11 foizdan 2,62 foizgacha pasaydi.
E’tiborli jihati shundaki, 2024 yil yakunida muammoli kreditlar ulushi ikki xonali ko‘rsatkichga ega bo‘lgan barcha banklar 2025 yilda ushbu ulushni bir xonali darajagacha pasaytirishga muvaffaq bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2024 yilda bank tizimidagi muammoli kreditlar hajmi yil boshiga nisbatan 4,5 trillion so‘mga oshgan edi. 2025 yildagi pasayish esa bank tizimida risklarni boshqarish va kredit sifatini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilgan choralar samara berayotganini ko‘rsatadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA