1 oktyabr – “O‘qituvchilar va murabbiylar kuni” munosabati bilan AT “Xalq banki” Buxoro viloyati filiali xodimlari tomonidan “Ta’zim sizga, aziz ustozlar” nomli tadbir tashkil etildi. Unda bank tizimida uzoq yillar ishlagan mehnat faxriylari, ustozlar sharaflandi.

– Men uzoq yil bank tizimida ishladim, – deydi mehnat faxriysi Hadiya Komilova. – Har kuni ishga oshiqardim. bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlarni ko‘rib, qaniydi yosh bo‘lsam yana ishlasam deyman. Chunki Xalq banki xalqning dardi bilan yashaydi. Bugun biz ustozlarni yo‘qlab, bayram bilan tabriklashganidan boshim osmonga yetdi. Ustozini hurmat qilgan shogird hech qachon kam bo‘lmaydi.

– Ustoz bilim nuri taratuvchi quyoshdir, – deydi AT “Xalq banki” Buxoro viloyati filiali boshlig‘i v.v.b Nargiza Latipova. – Har on, har soniya bilimga chanqoq yoshlarni o‘qitib, ularga ta’lim-tarbiya berayotgan ustozlar mehnati tahsinga sazovor. Shubhasizki, jamiyatning istalgan sohasida faoliyat yurituvchi eng iste’dodli xodimlar ortida albatta fidoyi ustozlar turadi. Ularni alqash, e’zozlash biz shogirdlarning burchimiz.
Ma’lumot uchun: AT “Xalq banki” Buxoro viloyati filialida ustoz-shogird tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Jami 646 nafar xodim ishlayotgan bank jamoasida ustozlarni yoqlab, ularni ibratli nasihatini olish an’anaga aylangan.
Zarif Komilov, O‘zA