Bank xodimi mijozlarning 133 million 629 ming pullarini o‘mardi
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xabar berishicha, Jizzaxda bank xodimi o‘z mijozlarining plastik kartalaridagi pullarini o‘g‘irlash bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.
Xabarda qayd etilishicha, shaharning “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilib, unga tegishli bank plastik kartasidan noma’lum shaxs 8 million so‘m pulini yechib olganini bildirgan.
Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan surishtiruv natijasida mazkur jinoyat jabrlanuvchi mijoz bo‘lgan bankning chakana xizmatlar bo‘limi boshlig‘i tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
Shuningdek, ayblanuvchi yana 10 nafar fuqaroning plastik kartasidagi pulni o‘margan bo‘lib, jabrlanuvchilarga jami 133 million 629 ming so‘m zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi. Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA